O‘zbekiston | 18:20 / 27.12.2018
30996
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Bugun, 27 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qilishicha, sessiyada tashkiliy masala ko‘rilgan va Baxtiyor To‘g‘onboyevich Rahmonqulov Toshkent shahar hokimining uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Baxtiyor Rahmonqulov shu kunga qadar Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Baxtiyor Rahmonqulov
Foto: Toshkent shahri hokimligi

Shu tariqa, Toshkent shahri hokimi o‘rinbosarlari soni 8 nafarga yetdi. Bungacha hokimning quyidagi 7 nafar o‘rinbosari bor edi: Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Xadjizadayev, Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha  o‘rinbosari Davron Hidoyatov, hokimning investitsiyalar, innovatsiya, sanoatni, turizmni rivojlantirish va xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sharof Rahmonov, hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Shukurov, hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov, hokim o‘rinbosari - Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Hayot Inog‘amov hamda hokim o‘rinbosari - xotin qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova.

Mavzuga oid