Jamiyat | 12:47 / 28.12.2018
13168
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim tizimida o‘qituvchilar maoshidan majburiy obunaga ushlab qolish va talabalardan pul yig‘ish qat'iyan man etilmoqda

Kun.uz tahririyati ixtiyoriga 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri I.Majidov tomonidan imzolangan va vazirlik tasarrufidagi barcha oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalari va tashkilotlar rahbarlariga yo‘llangan xat kelib tushdi.

Xatda professor-o‘qituvchilarning maqomi va obro‘sini oshirish maqsadida ularning turli nazorat organlari tomonidan tekshirilishini cheklash, turli taalluqli bo‘lmagan yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyalariga va vakolatlari doirasidan tashqaridagi boshqa ishlarga jalb qilish mamlakat rahbariyati tomonidan taqiqlangani eslatib o‘tilgan.

Shunga qaramay, ayrim oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida ta'lim tizimi xodimlarining va ularda tahsil olayotgan talabalarning huquqlari buzilishi holatlari hanuzgacha mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlarga zid, deyilgan.

Xususan:

·       Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan majburiy obuna taqiqlanganiga qaramasdan, ayrim oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida turli nashrlarga majburiy obuna tashkil etish va pul yig‘ish harakatlari;

·       Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari asoslarda tashkil etiladigan hasharlarga professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalarni jalb etish;

·       Ta'lim muassasalarida tashkil etilgan sport klublarini saqlash uchun talabalardan turli yig‘imlarni amalga oshirish kabi yuz berayotgan noqonuniy harakatlar ommaviy axborot vositalari va fuqarolar murojaatlari orqali vazirlikka yetib kelayotgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri I.Majidov o‘z xatida quyidagi talablarni ilgari suradi:

1.    Yuqorida ta'kidlab o‘tilgan masalalarni oliy ta'lim muassasasi va uning quyi ta'lim muassasalari (malaka oshirish markazlari va akademik litseylar) faollari ishtirokida muhokama qilish;

2.    Ta'lim muassasalarida mehnat qilayotgan xodimlarni majburiy obuna qilish va pul yig‘ish, Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari asoslarda tashkil etiladigan hasharlarga jalb etish va har qanday asossiz oylik maoshidan ushlab qolishlar, turli tadbirlarni (o‘quv, ilmiy, sport, madaniy va boshqa) tashkil etish uchun talabalardan pul yig‘imlarni amalga oshirish man etiladi.

3.    Noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan mutasaddi xodimlarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirildi.

Kun.uz mazkur masala bo‘yicha oliygohlardan birida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan o‘qituvchiga murojaat qilganida, «vazirlik taqiqlaydi, mahalliy hokimlik «qilasan» deydi, qay biriga bo‘ysunishni bilmay hayronmiz», degan javobni berdi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta'limi tizimidagi ta'lim muassasalari asosiy faoliyatiga mahalliy hokimliklarning aralashuvi keskin qisqartirilgan. Jumladan, Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta'limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari boshliqlariga tegishli xat yo‘llab, unda mahalliy hokimliklar tomonidan ta'lim muassasalari rahbarlari yoki o‘qituvchilarning har qanday majburiy mehnatga, turli yig‘ilishga, tadbirlarda zalni to‘ldirish uchun «tomoshabin» sifatida jalb etilishi, shuningdek, mahalliy hokimliklar, hududiy boshqarmalar tomonidan har xil nashrdagi gazeta va jurnallarga majburiy obuna, kommunal to‘lovlar uchun oylik ish haqidan olib qolinishini yoki boshqa noqonuniy badallar yig‘ilishini qat'iyan taqiqlagan edi.

Mavzuga oid