O‘zbekiston | 11:47 / 30.12.2018
122236
8 daqiqa o‘qiladi

Hammasi nazorat ostida: O‘zbekistonda mobil telefonlari, noutbuk va planshetlarni yoppasiga qayddan o‘tkazish boshlanmoqda

Foto: Reuters

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari muhokamasi portalida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlangan, Vazirlar Mahkamasining «Mobil qurilmalarni qayddan o‘tkazish tartibi va shartlari haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi rus tilida muhokamaga tashlandi.

Hujjat loyihasida mobil qurilmalarni qayddan o‘tkazish tartibi va shartlari haqidagi nizom prezidentning 2018 yil 12 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–5414-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №847-sonli qaroriga ko‘ra ishlab chiqilgani aytilmoqda.

«Mazkur nizom bilan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega bo‘lgan boshqa qurilmalarni qayddan o‘tkazish tartibi va shartlari tartibga solinadi», — deyiladi hujjat loyihasida.

O‘zbekistonda foydalanilayotgan, olib kirilayotgan, sotilayotgan, ishlab chiqarilayotgan hamda abonentlarga O‘zbekiston hududida GSM, UMTS va LTE standartlarida mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi mobil telefonlar (masalan, telefon va smartfonlar) va mobil aloqa moduliga ega bo‘lgan qurilmalar (masalan, noutbuklar, planshetli kompyuterlar, modemlar, bankomatlar, infokiosklar, aqlli soatlar, telemetriya qurilmalari, aqlli uy va xavfsizlik tizimi elementlari) qayddan o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun: IMEI kodi (International Mobile Equipment Identification) — mobil qurilmaning xalqaro unikal identifikatsiya nomeridir. IMEI kod 15ta raqamdan iborat va uni ko‘rish uchun mobil qurilma klaviaturasida *#06# simvollarini bosish kerak. GSMA assotsiatsiyasi Mobil qurilmalarni identifikatsiyalar xalqaro ma'lumotlar bazasi (IMEI Db) sifatida tanilgan unikal tizimni qo‘llaydi, bu baza mobil qurilmalar (telefonlar, noutbuklar, planshetlar va h.k.) IMEI diapazonlari haqidagi asosiy ma'lumotlarni o‘zida to‘plagan markaziy ma'lumotlar bazasi bo‘lib, butun dunyoda undan foydalaniladi.

Endilikda mobil aloqa tarmog‘ida qayddan o‘tmagan mobil qurilmalar vositasida mobil aloqa xizmatidan foydalanish cheklanadi.

Mobil qurilmalarni qayddan o‘tkazish quyidagi usullardan istalgan biri orqali amalga oshiriladi:

·       Tizim operatoriga mobil qurilma egasi yoki uning vakili shaxsan murojaat qilib, ariza topshirish;

·       Mobil qurilma egasi yoki uning vakili mobil qurilmalarni qayddan o‘tkazish hududiy punktiga shaxsan murojaat qilib, ariza topshirish;

·       Interaktiv davlat xizmatlari yagona portaliga ariza topshirish;

·       Tizim operatori veb saytiga ariza topshirish.

Tizim operatori tizimdagi mobil qurilmalarni quyidagi toifalarga bo‘lib sinflashtirishni ta'minlaydi:

a) «oq» ro‘yxat — Nizom talablariga muvofiq qayddan o‘tkazilgan mobil qurilmalarning IMEI kodlari. «Oq» ro‘yxatga kiritilgan mobil qurilmalari orqali mobil aloqa xizmati ko‘rsatish o‘rnatilgan tartibda va cheklovlarsiz amalga oshiriladi;

b) «qora» ro‘yxat — Nizom talablari asosida tizimda qayddan o‘tkazilmagan, yo‘qotilgan yoki o‘g‘irlangan sifatida belgilab qo‘yilgan mobil qurilmalari, shuningdek GSMA assotsiatsiyasi ma'lumotlar bazasiga mos kelmaydigan IMEI kodlari. «Qora» ro‘yxatga kiritilgan mobil qurilmalar orqali mobil aloqa xizmati ko‘rsatish cheklanadi;

v) «kulrang» ro‘yxat — vaqtinchalik «oq» yoki «qora» ro‘yxatga kiritish mumkin bo‘lmagan mobil qurilmalar IMEI kodlari.

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, jismoniy shaxs shaxsiy foydalanishi uchun 6 oy mobaynida faqat bitta mobil qurilmani qayddan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

«Mobil aloqa operatorlari IMEI kodlari bo‘yicha «qora» ro‘yxatga mansub mobil qurilmalar faoliyatini tizim operatorlari tomonidan u mazkur ro‘yxatga kiritilgan ondan boshlab cheklashadi. Mobil qurilmalarning cheklanishi deyilganda, mazkur mobil qurilma orqali shoshilinch xizmatlarga qo‘ng‘iroq qilishdan o‘zga har qanday telekommunikatsion xizmatdan foydalanib bo‘lmasligi tushuniladi», — deyiladi hujjat loyihasida.

IMEI kodi «oq» ro‘yxatda qayd etilgan mobil qurilma yo‘qotilganda yoki o‘g‘irlanganda uning egasi ichki ishlar organlariga murojaat qilishi mumkin. Bunday hollarda tizim operatori mobil qurilmalarning IMEI kodlarini «oq» ro‘yxatdan «qora» ro‘yxatga yoki aksincha o‘tkazishga majbur.

Diqqat qilish kerakki, tizim ishga tushgach, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan yoki milliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan unikal identifikatsion kodlar bilan ishlab chiqarilayotgan mobil qurilmalarni qayddan o‘tkazish tizim operatori tomonidan pullik asosda qayddan o‘tkaziladi.

Yana bir qiziqarli fakt shundan iboratki, 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning mobil qurilmalari IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Hujjat muhokamasi qizg‘in tus olmoqda. Fuqarolarda mazkur hujjat yuzasidan bir necha asosli savollar vujudga kelmoqda. Ularning ayrimlari:

·       Nega aynan 6 oyda bir dona mobil qurilmani qayddan o‘tkazish bilan cheklanmoqda?

·       16 yoshgacha to‘lmagan bolalarning mobil qurilmalari qayddan o‘tkazilmasligi sababi nimada? Chunki ayni paytda ota-onalarga o‘z farzandlarini mobil qurilma orqali nazorat qilish oson.

·       Doimo aloqada bo‘lib turishi shart bo‘lgan rahbar va boshqa xodimlar bor. Ularning, umuman, boshqa kimningdir telefoni to‘satdan eskirib qolsa yoki buzilsa, yangisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 6 oylik vaqt poyoniga yetmagan bo‘lsa nima qilish kerak?

·       Ayni paytda juda ko‘p mobil qurilmalar ikkita sim karta bilan ishlaydi va sim kartalarning har biriga alohida IMEI-kod ajratiladi. Bu holatda abonent 6 oy davomida bitta sim karta ishlatishga majburmi?

·       Yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun ko‘p sa'y-harakatlar qilinmoqda. Turistik sim kartalar joriy etish takliflari berilmoqda. Bu chora xorijiy turistlarning yurtimizning tarixiy joylaridan mobil internetdan foydalanishida qiyinchiliklar keltirib chiqarmaydimi? Xorijiy davlatlardan kelgan turistlar bunday hujjatlarga imzo qo‘yishni yoqtirishmaydi va bu ularning ko‘z o‘ngida mamlakatimiz imiji pasayishiga olib kelmaydimi?

Mavzuga oid