Jahon | 11:08 / 30.12.2018
24944
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan askarning mahbubasiga xati 77 yildan keyin egasiga yetkazildi 

Foto: Gerry Broome / AP

Buyuk Britaniyada yashovchi ayol 1941 yilda qallig‘ining unga yozgan maktubini 77 yil o‘tib oldi.

99 yoshli Fillis Pontingga Atlantika okeani tubidan topilgan maktub yetkazildi. Maktub muallifi Uiltshir polki askari Bill Uoker bo‘lgan. U Ikkinchi jahon urushi vaqtida kemaning cho‘kishi oqibatida halok bo‘lgan.

1941 yilda Fillis Ponting mahbubiga unga turmushga chiqishga rozi ekanligi haqida maktub yo‘llagan, biroq javob xatini olmagan. Keyinroq qiz boshqa erkakka turmushga chiqqan. Hozirda ayolning 4 farzandi va ko‘plab nabira-abiralari bor. Ayol jurnalistlar bilan suhbatda qallig‘i urushdan keyin qaytmagach, uning halok bo‘lganini tushunib yetganini aytgan.

Askar mahbubasiga xatida tez orada unga uylanishidan xursand ekanligi haqida yozgan.

“Maktubni ochganimda yonimda bo‘lishingni orzu qildim. Men uni o‘qib, o‘zimni tutib turolmay ho‘ngrab yubordim. Sen menga qanchalik baxt tuhfa qilganingni bilsang edi”, deb yozilgan edi askar xatida.

Maktub kemalar cho‘kishidan keyin suv ostida qolgan buyumlarni qidiruvchi Odyssey Marine Exploration kompaniyasi amaliyoti davomida topilgan. Uokerning xatidan tashqari, yana 700 ga yaqin xat topilgan. Ularning barchasi hozirda Londondagi pochta muzeyida saqlanmoqda va “Dengiz qa'ridan ovozlar” nomli ekspozitsiyasining bir qismiga aylangan.

Mavzuga oid