O‘zbekiston | 15:18 / 30.12.2018
47196
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda mansabdorlar o‘limi bilan tugagan YTH tafsilotlari ma'lum qilindi

27 dekabr kuni soat 08:35larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi haydovchisi O.K. o‘zining boshqaruvidagi oq rangli, davlat raqami 95 665 XAA bo‘lgan Nexia-3 rusumli xizmat avtomashinasini boshqarib borayotib, Xo‘jayli tumani, «Amudaryo» OFY hududidan o‘tuvchi, A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 810-811 kilometrida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘siqqa urilgan va yo‘l transporti hodisasi sodir etishi natijasida 4 kishi halok bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz ga xabar berishicha, yo‘l transport hodisasi natijasida avtomashinada yong‘in kelib chiqqan. Mashina ichida bo‘lganlarning barchasi, haydovchi Q.O., yo‘lovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari R.X., «Tuyamo‘yin Nukus» DUK boshqarma direktori o‘rinbosari T.Z. va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi umumiy bo‘lim yetakchi mutaxassisi A.D. voqea joyida vafot etgan.

Aniqlik kiritilishicha, yong‘in avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida kelib chiqqan.

Voqea joyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining birinchi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Xo‘jayli tuman prokurori va boshqa tergov-tezkor xodimlari chiqib, ko‘zdan kechirilgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida vafot etgan fuqarolar Q.O., R.R., T.Z. va A.D. murdalariga sud-tibbiy ekspertizasi va DNK ekspertizalari tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid