O‘zbekiston | 22:02 / 03.01.2019
5915
3 daqiqa o‘qiladi

Sudyalarni keng jamoatchilik fikri o‘rganilgan holda sudyalar hamjamiyati tomonidan tayinlash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirish, sudyalikka nomzodlarni tayyorlash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish, Sudyalar oliy kengashi qoshida Sudyalar oliy maktabini tashkil etish kabilar ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, qator qonun va qarorlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Loyihalarda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda uzoq muddat davomida (5 yil va undan ortiq) benuqson faoliyat ko‘rsatayotgan o‘rta va o‘rta-maxsus ma'lumotli yoki boshqa mutaxassislik bo‘yicha oliy ma'lumotga ega xodimlarni keyinchalik mazkur organda kamida 5 yil ishlab berish sharti bilan imtiyozli asosda va ishdan ajralmagan holda oliy yuridik ta'lim muassasalariga qabul qilish va maqsadli tayyorlash tizimini joriy etish nazarda tutiladi.

Shuningdek, sudyalikka nomzodlarni tayyorlash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish, Sudyalar oliy kengashi qoshida Sudyalar oliy maktabini tashkil etish va Sudyalar oliy maktabida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni bir yillik magistratura ta'lim dasturi bo‘yicha tayyorlashni, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni ikki oylik kurslarda qayta tayyorlashni, shuningdek sudyalar va sudlar apparati xodimlarini ikki haftadan kam bo‘lmagan kurslarda malakasini oshirishni belgilash ko‘zda tutiladi.

Bundan tashqari, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash va tayinlash bo‘yicha shaffof tizimni yaratish, sudyalikka nomzodlarni konkurs asosida oldindan tanlab olish mexanizmini joriy etish va keng jamoatchilik fikri o‘rganilgan holda sudyalar hamjamiyati tomonidan sudyalarni tayinlash tartibini joriy etish nazarda tutiladi.

Qonun va qarorlarda shuningdek, Sudyalar korpusini yuqori malakali va yetarli hayotiy tajribaga ega mutaxassislardan shakllantirish maqsadida sudyalik lavozimiga ilk bor tayinlanadigan nomzodlar uchun yosh senzini qayta ko‘rib chiqish hamda sudyaning maxsus kiyimi tavsifi va namunalarini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilishi rejalashtirilgan.

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamalari 2019 yilning 15 yanvariga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid