Sport | 23:05 / 03.01.2019
35320
5 daqiqa o‘qiladi

«Terma jamoa oshig‘i» - Xayrulla Hamidovdan iqror

Men o‘zbek bolasi “O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlariga befarqman”, desa ishonmayman. Tanqid qilib yozayotgan, “MTJ morojniy yeb qaytadi”, deb izoh qoldirayotganlar ham g‘alabalar boshlansa, telbaga aylanishadi, yozgan gaplarini unutishadi. Chunki bu — Vatan terma jamoasi.

Men terma jamoa o‘lchovlarni buzishga qodir yagona jamoa deb hisoblayman. Uning o‘lchovi boshqa. U aniq statistika yo harakat qoidalariga emas, ko‘ngilga quloq soladi. Hech kim terma jamoadan ko‘ngil uzolmaydi. U bir klub emaski, bir davlat muxlislarini bee'tibor qoldirsa yo o‘rtasiga raxna solsa. Uning ichida butun xalq yotadi. O‘zbekiston o‘ynaydi. Uning ichida Nesterov ham bor, borolmagan Suyunov ham. Denisov ham shaxsiy holatlarini chetga surib muxlisga aylansa kerak. O‘ynab ketgan yulduzlarimiz ham shu terma jamoa ichida yashaydilar, deb o‘ylayman.

Sharhlovchilarga ham faqatgina terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarda NOXOLIS bo‘lishga, maydondagi bitta jamoaga muxlislik qilishga ruxsat beriladi. Raqib jamoaning tarkibini tanishtirmay o‘tib ketsa ham qoida buzilgan hisoblanmaydi. O‘rtada turib bo‘lmaydigan yagona jamoa bu...

Vasiliy Utkinning xarakterini bilasiz, juda og‘ir. Xudbinroq. U butun mavsum davomida Cherchesov shogirdlarini, xususan, sobiq darvozabon uslubini, mag‘lubiyatlarini tanqid qilib keldi. Hatto Rossiya terma jamoasi boshlab bergan musobaqani ertasiga “endi boshlandi” deyishgacha bordi, natijada ishdan haydaldi. Ammo o‘sha qaysar fe'l sohibi ham Rossiya yengishni boshlaganida, chiroyli o‘ynashni boshlaganida, g‘ururini bir chetga otib, ruslarga yig‘lab muxlislik qilishga o‘tdi. Bir chiqishida “meni terma jamoa uchun uyalishdan or qilyapti, deyishyapti, men bunaqa gaplardan or qilaman”, dedi. Youtubeʼga qo‘ygan videochiqishida termaning g‘alabalaridan rostakam sarmast bo‘lganini ko‘rdim va hissiyotlariga ishondim.

O‘zim ham shu. Samvel Babayan boshchiligidagi terma jamoamiz so‘nggi o‘yinini Toshkentda o‘tkazayotgan payt. Murabbiy o‘z “suyuklilari”ni tinmasdan tarkibga jalb etishiga qaramay, nurli o‘yin ko‘rmayotgan bo‘lsak-da, butun sharh davomida terma jamoamizni Rossiya-2018ga chiqishini istab gapirganman. Muxlislik qilib, har bir vaziyatga yonib-kuyib. Oxirida — narigi tomonda Eron Suriya bilan durang o‘ynashni boshlaganida, terma jamoamiz mundialdan qolib ketgani aniq bo‘lganidan so‘ng tanqid qilishga, tanqid qilganda ham alam aralash so‘zlar bilan “izhorlarim”ni sochishga o‘tganman. Bir paytning o‘zida uch holat: umid, pley-off yo‘llanmasi uchun shukronalik va... bort ortida qolganimizdan keyingi alamli fikrlar.

Men o‘sha kuni Samvel Babayan terma jamoamizni Rossiyaga olib borganida, jonli efir orqali uzr so‘rashga tayyor edim. Ko‘p tanqid qilganim bois. Uyalmasdim Utkinga o‘xshab. Qaytanga bu gaplarni faxr tuyg‘usi bilan so‘zlashim aniq edi. Vatanidan, terma jamoasidan uzr so‘rasa odam maza qiladi. Odam maza qiladi terma jamoasi uni uyaltirsa, tanqidlariga munosib javob bersa. Shuni kutib yashaymiz o‘zi.

O‘tgan yilning yarmidan boshlab deyarli terma jamoamiz bilan birgaman. Holatimda o‘zgarish yo‘q. O‘zgarish bo‘lmasligi turgan gap.Eskitdan terma jamoa muhibi bo‘lgan odam o‘sha muhabbatida qolaveradi-da, to‘g‘rimi? Nasib qilsa, “Sport” telekanali orqali o‘yinlarimizdan birini stadiondan sharhlarman ham. Ammo o‘sha gap — holatimga javob berishim qiyin. Telbaroqman sal (o‘tgan yilgi 23 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finalini eslang!)

Bizni yana telbaga aylantiring, iltimos, yigitlar! Ovozimiz bo‘g‘ilib qolguniga qadar muxlislik qilishga majbur eting. Sizning qo‘lingizdan keladi, biz buni ko‘rganmiz.

P.S.: Dubayga kelishimizdan bir kun oldin borish-kelish chiptamni berishgandi, darhol qaytish muddatiga qaradim: 2 fevral ekan. Yigitlar, oxirgi iltimosim: muddatini o‘zgartirish uchun aeroportdagilarni ovora qilib yurmaylik, o‘sha sana juda yoqyapti

Xayrulla Hamidov,
Dubay.

Mavzuga oid