Light | 02:46 / 04.01.2019
16398
10 daqiqa o‘qiladi

​Kamtar milliarder: Qanday qilib Kamprad IKEA faoliyatini yo‘lga qo‘ydi va undan voz kechdi?

Foto: Reuters

Bir yil avval - 2018 yilning 27 yanvar kuni Shvetsiyaning Elmxult shahrida Ingvar Kamprad 91 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Ingvar Kamprad — nafaqat oddiylik timsoli bo‘lgan IKeA brendini yaratgan, balki o‘z biznesini yuritish bo‘yicha murakkab sxemani yaratgan inson sifatida ham yodda qolgan, deyiladi Forbes'da.

Ingvar Kamprad 1926 yilning 30 martida Shvetsiya janubidagi Smoland provinsiyasida dunyoga keldi. Bo‘lg‘usi milliarder erta bolaligida disleksiyaga yo‘liqqan bo‘lishiga qaramay, gugurt sotib, o‘zida tadbirkorlik xislatlari borligini kashf qila boshladi. Bola chegirmaga ulgurji xarid qilingan gugurtlarni qo‘shnilarga donalab sotsa, biroz pul ishlab olishi mumkinligini anglab yetgan. Shundan keyin Kamprad ko‘p tovarlar bilan savdo qilgan: mevalar, urug‘lar, baliq, yangi yil bezaklari, kantstovarlar... Savdo shuningdek pochta kataloglari orqali ham yuritilar edi. 1943 yilda 17 yoshga to‘lganida Kamprad IKEA kompaniyasiga asos soldi. Ilk ikki harf (IK) — bu tadbirkorning ismi sharifi bosh harflari, keyingilari (EA) Elmtaryd oilaviy firmasi va Agunnaryd nomlaridan kelib chiqqan. Besh yildan keyin Kamprad o‘z katalogiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar mebelini qo‘shdi. Unga bo‘lgan talab ishbilarmonni shu qadar ta'sirlantirdiki, tez orada u butunlay uy uchun tovarlar bilan savdo qilishga o‘tdi.

IKEA effekti

Biznes o‘sib, Kamprad xodimlar yolladi. Ulardan biri — Sven Gyote Xansson — ajoyib g‘oya taklif qildi: shourum yaratish va unda mebellarni namoyish qilish. Shu tariqa Elmxult shahridagi eski ustaxona binosida birinchi IKEA markazi paydo bo‘ldi. Kamprad asta-sekinlik bilan begona mebellar savdosidan uzoqlashdi, IKEA o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ydi, o‘zi dizayn ishlab chiqdi.

IKEA xodimlaridan biri joylash va mijozga yetkazish kerak bo‘lgan stol oyog‘ini yechayotib, ajoyib g‘oyani o‘ylab topdi. Mashhur yig‘iluvchi mebel shu tariqa ixtiro qilindi, bunday mebel yetkazib berishda ko‘p joy olmasligi va tejash imkonini berishi bilan ko‘pchilikka ma'qul keldi. Xaridorlarning o‘zlariga mustaqil ravishda mebel yig‘ishni taklif qilish g‘oyasi ham aksariyat orasida ommalashdi. Birinchidan, bunda IKEA uchun yig‘ish narxi qisqarar edi. Boz ustiga, Ingvar o‘zi anglamagan holda odamlarning muhim psixologik xususiyatini kashf qildi, keyinroq olimlar buni «IKEA effekti» deb atashdi.

Ma'lum bir tovar yoki xizmatga ega bo‘lish uchun iste'molchidan qancha ko‘p sa'y-harakat kerak bo‘lsa, ular shuncha qadrlidek tuyuladi.

Bu effekt kommersiyada muvaffaqiyatli qo‘llanadi: shundoq ham qimmatbaho Hermes sumkasini sotib olish uchun navbat kutish, London yopiq klublari qatoriga kirish uchun uning ikki ishtirokchisidan tavsiyanoma olish zarurati, yig‘ilishi kerak bo‘lgan Lego to‘plamlari va, albatta, IKEA mebeli.

Kamprad nafaqat mebel yig‘ishda tejamkorlikka rioya qilgan, balki haddan ziyod kamtarona hayot kechirgan va o‘z xodimlaridan ham shuni talab qilgan. U o‘zining memuarlari va intervyularida samolyotdagi parvozlar vaqtida ekonom-toifada uchishga harakat qilganini ta'kidlagan, uzoq yillar uncha qimmat bo‘lmagan Volvo modelida harakatlangan, byudjyet mehmonxonalarda to‘xtagan va fermerlardan bozor yopilishidan oldin oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilgan, shunda chegirmaga kelishish imkoni bo‘lar edi. Kampard shuningdek soliqlarda ham tejagan: u bir necha o‘n yillar davomida Shveytsariyada yashagan va buning uchun o‘z vatanida tanqidga uchragan. Yillar o‘tgach, New York Times bunday "kamtarlik"ning qiziqarli tafsilotlarini aniqlagan: Kamprad Shveytsariya ko‘chalari bo‘ylab Porsche avtomobilida harakatlangan, u yashagan uy esa Jyeneva ko‘li sohilidagi hashamatli villa bo‘lgan.

Qanday bo‘lmasin, tejamkorlik IKEA kompaniyasining "DNK"sigacha singib ketgan, kompaniya top-menejyerlari hatto qog‘oz varaqlaridan ham ikki tomonlama to‘ldirib foydalanishgan. Kompaniyaning moliyaviy hisobotlarida ham buning tasdig‘ini ko‘rish mumkin (kompaniya ommaviy bo‘lmasa-da, asosiy ko‘rsatkichlarini chop etadi). 2018 yilda uning daromadi (tovar va xizmatlar sotuvlari hamda rent daromad hisobga olinadi) 38,8 milliard yevroni tashkil qildi. 2017 yil oxiriga borib hisobda to‘plangan pul vositalari 23 milliard yevroni yoki aktivlarning 43 foizini tashkil qilgan, ishlab chiqarishdagi va omborlardagi tovarlar esa - atigi 4 foiz. Bu dunyoning 50 davlatida 422 ta do‘konga ega reteyler uchun nihoyatda kichik ko‘rsatkichdir. Kompaniya ish yuklamasi nuqtai nazaridan juda qulay vaziyatda: naqd pul ko‘rinishidagi xavfsizlik yostiqlari kompaniya barcha qarzlaridan o‘n baravarga oshadi.

Kamprad merosi

Kamprad pul qizg‘anmagan yagona yo‘nalish yuristlar xizmati bo‘lgan, u Forbes jurnaliga bergan intervyusida bunga iqror bo‘lgan. Trast va fondlardan iborat IKEA murakkab boshqaruv tizimini yaratish uchun Kampradga yuristlar kerak edi. 1980-yillarda u biznes-saltanatni ikki tarkibga ajratgan: IKEA Group va Inter IKEA. Birinchisi aksariyat IKEA do‘konlari va savdo markazlarini boshqaradi. Inter IKEA esa brend franchazeri — IKEA savdo markasi va konsepsiyasi egasi sifatida faoliyat yuritadi. IKEA Group'ga kelganda, 2000-yillarda yozilganidek, gap aylanmaning 3 foizi haqida ketmoqda. IKEA Group'ning yakuniy egasi Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Ingka Stichting Foundation trasti, Inter IKEA — Interogo Foundation— Lixtenshteynda.

Bunday murakkab tuzilmaga qanday hojat bor edi? The Economist jurnali 2006 yilda Kamprad trastlar va xayriya jamg‘armalari yordamida soliq yuklamasini minimallashtirayotgani haqida yozgan. Globallashuvga qarshi tashkilot hisoblangan Attac (transmilliy korporatsiyalar tomonidan to‘lanuvchi soliqlar hajmini o‘rganuvchi tashkilot) hisob-kitoblariga ko‘ra, IKEA Group'ning 2012 yildagi soliq to‘lovlari 695 million yevroni tashkil qilgan, bu 17,8 foizlik umumiy soliq stavkasiga muvofiq keladi. Inter IKEA 11,6 foizga muvofiq keluvchi 58 million yevro to‘lagan.Ikki holatda ham gap jahon iqtisodiyotlarining aksariyati uchun juda past soliq yuklamasi haqida ketmoqda. Shvetsiyaning SVT telekanali esa 2011 yilda birgina Interogo trastining o‘zi IKEA'ga 2031 yilda soliqlardan 2,3-3,2 milliard yevro tejash imkonini berishi haqida ma'lum qilgan. Kampradning o‘zi uning asosiy maqsadi IKEA'ni "yutib yuborilish" yoki ehtimoliy oilaviy mojarolardan himoyalash ekanini ta'kidlagan.

Ingka va Interogo trastlari o‘z o‘ziga tegishli, biroq Kampradlar oilasi boshqaruv organlarida joylarini saqlab kelmoqda (Ingvarning o‘zi 1998 yilda IKEA operativ boshqarmasidan uzoqlashdi, 2013 yilda direktorlar kengashidan butunlay ketdi). Rasman ikki trast ham - xayriya trastlari, lekin ularning mablag‘larining aksariyat qismi IKEA biznesiga reinvestitsiya qilinadi — soliq iqtisodiyoti elementlaridan biri shundan iborat bo‘lgan, deb yozgan The Economist. Umuman olganda, IKEA xayriya faoliyati bilan ham shug‘ullanadi, ammo biroz kichikroq ko‘lamda. Masalan, Ingka Stichting har yili 150 million yevroni sheriklik dasturlariga yo‘llaydi. 2017 yilda 40 million yevrolik eng yirik grantlardan biri "yashil" energetika sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchiWe Mean Bussines koalitsiyasiga berilgan. Interogo to‘g‘ridan-to‘g‘ri va venchur investitsiyalar bilan shug‘ullanadi va ko‘chmas mulk hamda moliyaviy aktivlarga mablag‘ kiritadi.

"Men IKEA'ni berib yubordim. Biz kompaniya nazoratini saqlab qoldik, biroq endi pulimiz yo‘q", - deya Kampradning so‘zlarini keltiradi ishbilarmonning biograflaridan biri.

Aslida bunchalik emas. IKEA qayta tuzilganidan keyin Kampradning oilasi Niderlandiya Antil orollari tarkibiga kiruvchi Kyurasao soliq bandargohida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Ikano Group xoldingini o‘zida saqlab qolgan. Ikano Group bank va sug‘urta biznesi, development bilan shug‘ullanadi, shuningdek Janubi-Sharqiy Osiyo va Meksikada IKEA faoliyatini rivojlantiradi. Xolding Kampradning o‘g‘illari Yonas, Matias va Peterga tegishli. Forbes ularning birgalikdagi moliyaviy holatini 3,3 milliard dollarga baholaydi. Bu 2011 yilda Kampradning yuristlari qo‘llarida hujjatlar bilan IKEA asosiy biznesi trastlarga o‘tkazilganini isbotlay olmagan vaqtda Forbes tomonidan keltirilgan 28 milliard dollardan ancha kam, albatta. Bu raqamlarni shuningdek tejamkor Kamprad o‘limidan keyin qoldirgan boylikka ham mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydi. Shvetsiya soliq organlaridan xabar berilishicha, u 1,24 milliard shved kronasini (taxminan 140 million dollarni) tashkil qiladi. Bu summaning yarmini IKEA asoschisining uch o‘g‘li va ularning asrab olingan singlisi Annika Kilblom teng miqdorda bo‘lishishadi. Ikkinchi yarmi esa Shvetsiyaga deyarli sovg‘a qilinadi va mamlakat shimoliy mintaqasi Norrland korxonalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid