O‘zbekiston | 12:46 / 04.01.2019
16494
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston benzin importi bo‘yicha Qozog‘iston bilan muzokaralar boshlayapti

Foto: neftegas.info

Qozog‘iston «O‘zbekneftgaz» bilan qozoq neftni qayta ishlash zavodlaridan O‘zbekistonga benzin yetkazib berish bo‘yicha dastlabki muzokaralarni boshlayapti. Bu haqda abctv.uz «Interfaks»ga tayangan holda xabar qildi.

«Biz O‘zbekiston, Afg‘oniston va Tojikiston bozorlariga qiziqish bildirmoqdamiz. Aynan shular bizning manfaatimiz doirasida», - dedi energetika vaziri Kanat Bozumbayev agentlikka bergan intervyusida Qozog‘iston benzini eksport salohiyatiga oid savolga javob qaytarib.

O‘tgan yili Qozog‘iston respublikadagi uchta neftni qayta ishlash zavodi modernizatsiyasidan keyin bozor mahsulotga to‘lib ketishining oldini olish maqsadida benzin eksportini boshlash niyatida ekani ma'lum bo‘lgandi.

Qozog‘iston va Rossiya oktabr oyida yoqilg‘i-energetika kompleksida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. O‘zgartirishlar Qozog‘iston benzinini MDH mamlakatlariga yetkazib berishga embargo olib tashlanishi bilan bog‘liq.

Dekabr oyida Kanat Bozumbayev Qozog‘iston benzini 2019 yil fevralidan boshlab Qirg‘izistonga eksport qilinishi mumkinligi haqida xabar qildi. Taxminlarga ko‘ra, Qozog‘iston 2019 yilda 1,2 million tonna eksport qila oladi.

Mavzuga oid