O‘zbekiston | 16:32 / 05.01.2019
21609
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk to‘g‘risida ma'lumot olish osonlashdi

Foto: Pinterest

Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom yangi tahrirda tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish to‘g‘risida guvohnoma bekor qilingan. Ro‘yxatga olish tegishli yozuvni ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va ular bilan tuzilgan bitimlar davlat reyestriga elektron shaklda kiritish bilan amalga oshiriladi.

Bunda dastlab shu sanaga rejalashtirilgan idoralararo hamkorlik tartibini (hokimliklar, notariuslar, Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar to‘g‘risidagi, shu jumladan, ushbu huquqlarning vujudga kelishi, o‘tishi, cheklanishi va bekor qilinishi haqidagi axborotning taqdim etilishi) joriy etish 2019 yil 1 fevralga ko‘chirildi. Shu muddatda maxsus axborot-dasturiy kompleksni ishlab chiqishlari va ishga tushirishlari kerak.
 
Bu jihatlar yangi hujjatda aks ettirilgan. Shuningdek, ilgarigi tahriri bilan solishtirganda hujjatga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
 
birinchidan, ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yagona qoidalari belgilandi. Ilgari yuridik va jismoniy shaxslar (tadbirkorlik sub'yektlaridan tashqari) to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari hududiy filiallariga, tadbirkorlik sub'yektlari esa – Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishgan.
 
Endi esa sub'yektlarni toifalar bo‘yicha bo‘lish nazarda tutilmayapti: har biri ko‘chmas mulk joylashgan joy bo‘yicha Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin. Qarz beruvchiga (yuridik yoki jismoniy shaxs) bank tomonidan beriladigan garov xati - ko‘chmas mulk garovga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi qarzlik guvohnomasi istisno hisoblanadi. Bu holatda yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari hududiy filiallariga murojaat qilish zarur.
 
ikkinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarga Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri ma'lumotlaridan erkin foydalanish imkoniyati beriladi. Davlat reyestri - ko‘chmas mulk obektlari va ularga bo‘lgan ro‘yxatga olingan huquqlar to‘g‘risida davlat tomonidan kafolatlanadigan rasmiy axborot manbasi. Undan hamma erkin foydalanishi uchun u Internet tarmog‘iga joylashtiriladi.
 
Ko‘chmas mulk va unga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi ma'lumot reyestrdan ko‘chirma tarzida beriladi. Uni YaIDXP yoki “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining rasmiy sayti orqali olish mumkin. Elektron shaklda yoki qog‘ozda berilgan ko‘chirmalar yuridik kuchga ega bo‘lish nuqtai nazaridan teng hisoblanadi;
 
uchinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida vakolatli organlar o‘rtasida axborot-kommunikatsiya ma'lumotlar almashinuvi joriy etiladi;
 
to‘rtinchidan, nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmi joriy etiladi. Buning uchun “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari qoshida maxsus komissiyalar tashkil etiladi. Ular ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolarni murojaat kelib tushgan kundan e'tiboran 10 kun mobaynida ko‘rib chiqadilar.
 
Komissiyaning xulosasi ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qilgan shaxs uchun majburiy tusga ega bo‘lib, u qabul qilgan qarorni o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi. Ilgari bu qarorni qabul qilgan shaxslar xolislik uchun komissiyaga kirmaydilar.

Hujjat 29.12.2018 yildan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘chmas mulkka oid bitimlarni rasmiylashtirish soddalashtirilishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid