O‘zbekiston | 10:57 / 05.01.2019
25256
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegarasida nechta o‘tish punkti ishlayotgani aytildi

Foto: KUN.UZ

2018 yilda davlat rahbari boshchiligida mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi – yaqin qo‘shnilarga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosat olib borish, Markaziy Osiyodagi muammolarni tenglik, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish va oqilona kelishuv asosida hal etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda TIV.

Qayd etilishicha, mintaqaning barcha davlatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga (9-10 mart) va Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga (17-18 avgust) davlat tashriflari yakuniga ko‘ra strategik ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi: Do‘stlik va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek boshqa ikki tomonlama kelishuvlar to‘plami.

Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi (23-24 aprel) chog‘ida 2017 yilda imzolangan Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sherikchilik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi hamda Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlariga yuk tashish hajmini ko‘paytirish uchun ikki mamlakat tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanishga kelishib olindi.

Umuman olganda, bugun kunda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlaridan o‘tish va chegara oldi hududlarda savdoni rivojlantirish kabi juda murakkab masalalarga yechim topish uchun mutlaqo yangi, konstruktiv siyosiy muhit va qulay sharoitlar yaratildi, deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegarasida 64 ta o‘tish punkti faoliyat ko‘rsatmoqda.

Chegara bilan bog‘liq muammolarning hal qilinishi natijasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalari sezilarli darajada faollashdi. Ular bilan savdo aylanmasi o‘sishi 9 oy davomida o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqni tashkil qildi, deya xabar beradi TIV.

Mavzuga oid