O‘zbekiston | 21:11 / 06.01.2019
16932
6 daqiqa o‘qiladi

«Yong‘inga qarshi kurash ham jang maydoniga kirganday gap​». O‘t o‘chiruvchi bilan suhbat​

Yong‘in xavfsizligi xizmatida ishlash ko‘plarning bolaligidagi orzusi. Ko‘pchilik sharafli kasb egasi bo‘lish, muammolarni bartaraf etishni istaydi

Ma'lum bo‘lishicha, mamlakatda yildan-yilga turar va noturar joylarning soni ko‘payib borishiga qaramay, so‘nggi o‘n yilda sodir bo‘lgan yong‘inlar, ularda halok bo‘lgan va tan jarohati olganlar soni kamayib bormoqda. Masalan, 2008 yilda 14725ta yong‘in bartaraf etilgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib, bu raqam 12705tani tashkil etdi. Vafot etganlar soni 218 nafardan 159 nafarga kamayib, so‘nggi besh yilda sodir bo‘lgan yong‘inlarning 80 foizi boshlang‘ich davrida bartaraf etildi. Natijada 399 nafar kishining hayoti saqlab qolindi.

Kun.uz mas'uliyatli va olijanob kasbda faoliyat olib borayotgan, Toshkent shahar Yunusobod tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimi Jamoliddin Hayitmatov bilan suhbat qurib, o‘t o‘chiruvchining mulohazalariga qiziqdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«1998 yil iyul oyida, harbiy xizmatdan qaytganimda, harbiylashtirilgan 18-yong‘in xavfsizlik qismida ilk faoliyatimni yong‘in o‘chiruvchi lavozimida boshladim. Harbiy xizmatni o‘tash davomida yong‘inni bartaraf etish ishida ishtirok etib, shu kasbga qiziqish paydo bo‘lgandi. Keyinroq, shu sohani tanlab, hujjatlarni topshirdim», - deb eslaydi suhbatdosh. 

Toshkent shahar Yunusobod tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimi Jamoliddin Hayitmatov

Jamoliddinning aytishicha, «yaxshi yong‘in o‘chiruvchi muntazam mashqlarda toblanadi, tayyorgarlik, sinovlardan o‘tgan odamgina yong‘in o‘chiruvchi bo‘la oladi». 

«Faoliyatimga 20 yil to‘lgan bo‘lsa, yong‘in o‘chiruvchilikdan katta yong‘in o‘chiruvchi, bo‘linma komandiri etib tayinlandim. Bizda har kuni belgilangan mashq vaqti bor. Mashg‘ulotlarda iloji boricha yigitlarni toblashga harakat qilamiz. Yong‘inga qarshi kurash ham jang maydoniga kirganday gap: qancha tez o‘chirsangiz, shunchalik sizga foyda ko‘p. Yong‘inni bartaraf etish bir kishining ishi emas, individual mahorat bilan hech kim buni hal etolmaydi. Smena boshlig‘idan tortib, to yong‘in o‘chiruvchi, haydovchigacha, bu masalaga misol bo‘ladi.

Xuddi futbol o‘ynaganda, darvozabon bilan hujumchi kabi o‘yinchilar mavjud bo‘lsa, bizning ishda ham haydovchi - darvozabon hisoblanadi. U bo‘lmasa, yong‘in joyiga yetib bormaysiz, suv bermasa, yong‘in bilan kurashib bo‘lmaydi. U shaxsiy tarkibni joylarga yetkazib borgandan so‘ng, bo‘linma komandiri yo smena boshlig‘i hujumchi vazifasini bajaradi. U birinchi bo‘lib olovga yuzlanadi, qolganlar esa yarim himoyachi, himoyachi kabi vositalarni yetkazib, uning ortidan boradi», - deydi Hayitmatov.

Yong‘in o‘chirish uchun jamoada intizom, inoqlik bo‘lishi kerak. O‘t o‘chiruvchilar bir-biriga suyana olishi kerak, deb hisoblaydi Jamoliddin Hayitmatov. 

«Masalan, bir vaqt eshik qulf, berk bo‘lishi mumkin. Hozir zamonaviy mustahkam qulflar chiqqanki, uni buzib, ichkariga kirguncha, odam hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Baland qavatdan pastga tushib, odamni qutqarishga to‘g‘ri keladi. Qutqaruv arqoni, ishg‘ol etuvchi narvonlar yordamida harakatlanishimiz talab etiladi», - deya qiyin vaziyatlarni esladi u. 

Uning aytishicha, ish kuch vositalarini boshqarish dispetcheri ularga yo‘llanma berishidan boshlanadi. Trevoga tugmasi bosiladi va tarkib bir daqiqa ichida yong‘in joyiga otlanib, qismdan chiqib ketishi kerak bo‘ladi.

«Qutqarishda emas, undan keyin, o‘zingizda yengillik his etasiz. Siz bir odamni yong‘indan olib chiqdingiz, uni «tez yordam»ga topshirib, yengil bo‘lasiz. U payt o‘t o‘chiruvchida uchayotgan odamga o‘xshash kayfiyat paydo bo‘ladi. Yong‘inni o‘chirib kelsangiz, charchoq yo‘qoladi. Ruhan yengil bo‘lasiz», - deydi u. 

Ta'kidlanishicha, har yili 1000 nafar safdor va xizmatchi Samarqand shahridagi Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tkazish va malakasini oshirish Markazida o‘quv mashg‘ulotlarni tamomlab kelishmoqda. Xodimlarni munosib rag‘batlantirish, ularning ishga bo‘lgan munosabatini yanada yaxshilash maqsadida yong‘inlar profilaktikasi bilan shug‘ullanuvchi 1176 nafar inspektor lavozimi serjantlar tarkibidan ofitserlar tarkibiga bosqichma-bosqich 2017-2025 yillar mobaynida o‘tkazilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati - respublikada davlat yong‘in nazoratini va yong‘inlar profilaktikasini amalga oshirish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirishni, yong‘in zonasida qolgan odamlarni hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarishni amalga oshirishda asosiy mas'ul va vakolatli organ hisoblanadi.

Mavzuga oid