O‘zbekiston | 21:23 / 07.01.2019
33843
5 daqiqa o‘qiladi

«Biz kech qoldik». Vazir elektron mehnat daftarchalariga o‘tish rejasini ma'lum qildi

O‘zbekiston 2019 yildan sobiq sovetlar ittifoqidan amalda bo‘lib kelayotgan yana bir keraksiz hujjat yuritish amaliyotidan voz kechadi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda shu haqda ma'lum qilgandi.

2017 yil 24 maydagi PF-5052-son farmoniga muvofiq, mamlakatda xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sug‘urtasiga to‘lov qilgan davri bo‘yicha ro‘yxatga olishning «elektron mehnat daftari» tizimi joriy etilishi munosabati bilan 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishi to‘xtatiladi.

Ma'lumki, mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir. Amaldagi tartibga ko‘ra xodim ishga qabul qilinayotganda uni taqdim etishi shart. Ish beruvchi esa korxonada 5 kundan ortiq ishlagan barcha xodimlarga mehnat daftarchasini tutishi shart.

Biroq, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev tizim biroz keyin ishga tushishini aytib, «vazirlik kechikkan»ini bildirdi.

«Biz kech qoldik. 2019 yil 1 yanvardan belgilangan tartibda yangi, elektron mehnat daftarchasini yuritish ishlari boshlanishi kerak edi. Lekin loyihaning texnik yechimlari va konsepsiyasini ishlab chiqish ishlari 2018 yil may oyida boshlanib, noyabrda yakunlandi. Deyarli 15 million personal tarixini tartibli boshqarish uchun texnik yechimlarni ishlab chiqish shuncha muddat talab etdi», – deydi u.

Vazirga ko‘ra, elektron mehnat daftarchasiga o‘tish, qog‘oz hujjatlarni raqamlashtirish bilan ifodalanmaydi. Tizim boshqa davlat xizmatlari, birinchi galda, pensiya jamg‘armasi bilan integrallashtiriladi. Shuningdek, elektron mehnat daftarchasini yuritish orqali mehnat bozoridagi haqiqiy kartina tiklanadi, ishchilarning mahorati va maoshlar haqida ma'lumotlar paydo bo‘ladi. 

«Dastlab, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning barcha tuzilmalari misolida loyiha sinovdan o‘tkazilishi kutilmoqda. Tizimning beta-versiyasida uchraydigan har qanday muammo va xatolarni 2019 yil aprel oyiga qadar aniqlashni maqsad qilganmiz. Shundan so‘ng, elektron mehnat daftarchasini yuritish tizimi takomillashtirilgan holatda barcha sub'yektlar uchun taqdim etiladi. 

Avvalo, mehnat shartnomasini tuzish ishlariga oid tartibini tayyorlash kerak. Elektron mehnat daftarchasini personallashtirish masalasi-chi? Biz boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib, har bir davlatda bu masala o‘ziga xos yechim mavjudligini aniqladik. Masalan, Ozarbayjonda mehnatga layoqatli har bir fuqaro ERI (elektron raqamli imzo)ga ega. Ammo O‘zbekistonda aholi ko‘p, ularni ma'muriy yo‘l bilan ERI olishga majburlash noto‘g‘ri va buning imkoni ham yo‘q. 

Boshqa yechim: uyali telefonga bog‘lashdir. Ammo ko‘pchilik bir nechta raqamdan foydalanadi. Bir shaxs nomiga rasmiylashtirilgan raqamdan boshqa odam foydalanishi, elektron mehnat daftarchasini bitta raqamga biriktirish masalasini qiyinlashtiradi. Javobgarlik kimning zimmasida bo‘ladi? Biz avtorizatsiya masalasini obdon o‘ylab olishimiz kerak. Tizim yaratilishining ushbu bosqichida texnik topshiriqlarga muvofiq barcha mas'uliyatni hozircha faqat ish beruvchi zimmasida ko‘ryapmiz. U shartnomalarning qonuniy tuzilgani, xodimning telefon raqami orqali avtorizatsiyani amalga oshirish, shaxsiy hisobni tekshirib borishiga javobgar bo‘ladi», – deydi vazir. 

Bundan tashqari, olis hududlarda, aloqa sifati, internetning yaxshi ishlamasligi, barchada tarmoqqa ulanish imkoniyati yo‘qligi kabi masala ham turibdi. 

«Shu sababli lokal xotira bilan ishlaydigan dastur chiqiladi. Oraliq vaqt bilan, internet aloqasi paydo bo‘lganda, ma'lumotlar umumiy bazaga yuklanadi.  

So‘nggi manzil eng qiyini bo‘ladi: tizimni joriy etish kerak. Yirik korxonalarda bu bilan kadr bo‘limi shug‘ullanishi mumkin. Bundan shtat mavjud bo‘lmagan kichik biznes yo‘nalishida esa bu vazifa zimmasiga yuklangan shaxs tomonidan bajarilishi kerak. Bundan tashqari, mehnat bandligini ta'minlovchi markazlarga ham bunday huquqlarni berish varianti ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq dastlab bu jarayonning barcha jihatlarini o‘ylab chiqish lozim», – deb ta'kidladi Kudbiyev. ​

Mavzuga oid