O‘zbekiston | 10:35 / 09.01.2019
16535
6 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha xalq ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasini muhokama etish uchun e'lon qilindi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Konsepsiyada 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlanishi taklif etilgan. Ushbu hujjat mamlakatda 2030 yilgacha xalq ta'limini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• Uzluksiz ta'lim, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini mazmunini sifat jihatdan yangilash;
• Ta'lim berish metodlarini takomillashtirish, o‘quv jarayonini individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
• Xalq ta'limi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarni joriy etish;
• Xalq ta'limi tizimidagi ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va budjet mablag‘larini moliyalashtirish samaradorligini oshirish;
• Yoshlarni tarbiyalash, shuningdek, ularning bandligini ta'minlashda maktabdan tashqari ta'limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish.

Konsepsiya loyihasida ta'kidlanishicha, 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida 9691 ta umumta'lim maktablari (jumladan, ayrim fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha 335 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktablar) mavjud. Ayni vaqtda umumta'lim maktablarida 5,2 milliondan oshiq o‘quvchi, shuningdek 37 ta nodavlat ta'lim muassasasida esa 7,5 mingga yaqin o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda.

Konsepsiyada shuningdek, xalq ta'limi sohasidagi mavjud muammolar ko‘rsatilgan. Xususan, mazkur muammolar maktab ma'muriyati tizimida ham mavjud. Jumladan, mahalliy davlat idoralari maktablarga yordam bermasligi ta'kidlangan. Bundan tashqari, davlat ta'lim xizmatlari darajasi aholi talab va takliflariga javob bermaydi.

Farmon loyihasida umumiy o‘rta ta'limni metodik ta'minlashda kamchiliklar mavjudligi ta'kidlanadi. Darsliklarning muqobil varianti mavjud emas. Maktablarni moddiy-texnik jihozlash va moliyalash tizimida ham muammolar mavjud.

Mazkur konsepsiya xalq ta'lim tizimining rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Hujjatga binoan, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari ta'lim mazmunini modernizatsiyalaydi. Tarkibiy o‘zgarishlar hamda sifatli ta'limning teng huquqliligini ta'minlaydi.

Konsepsiyada kelajakda innovatsion iqtisodiyotni yaratish uchun zarur bo‘lgan kasblarni egallashda asqatadigan chet tillari, informatika, matematika, fizika, kimyo va biologiya kabi sohalarda kompetensiyaviy ta'lim modelini yaratish maqsadida umumiy o‘rta ta'lim mazmunini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi. Yangi o‘quv standartlari, dasturlar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar innovatsion tarzda yaratiladi.

O‘quvchilarning kasb-hunar tanlashi, professional kasbni egallashi hamda ularni zamonaviy kasblarga tayyorlashda o‘g‘il-qizlarning qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilishi kutilmoqda.

Maxsus ta'limni rivojlantirish maqsadida psixologik va pedagogik yordamga muhtoj bolalar ta'limi hamda tarbiyasiga ota-onalarning ham jalb etish belgilangan.

Shuningdek, o‘qituvchi va rahbarlar faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida, qolaversa, ularning ta'lim jarayonida zamonaviy texnologiyalaridan foydalanishini inobatga olgan holda xalq ta'limida yangi ish haqi tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Ta'lim va ishlab chiqarish komplekslari, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlari shakllantiriladi. Birgalikda mehnat bozori o‘rganilib, nogiron bolalarni o‘qitish uchun inklyuziv ta'lim tizimi yaratiladi, Jumladan, umumiy ta'lim muassasalarida maxsus asbob-uskunalar (ko‘tarish apparatlari, rampalar, tirgak va boshqalar) o‘rnatiladi. Shuningdek, ta'lim muassasalari tegishli inson resurslari (pedagogik defektologlar, bolalarni psixologik va pedagogik qo‘llab-quvvatlash mutaxassislari) bilan ta'minlanadi.

Ta'lim yutuqlarini baholashda xalqaro tadqiqot dasturi (PISA) doirasida umumiy o‘rta ta'lim sifatini baholashning milliy tizimi yaratiladi.

Konsepsiya doirasida umumta'lim muassasalari, ayniqsa olis qishloq hududlarida joylashgan maktablarning ta'lim resurslari ta'minoti sifatini yaxshilash bo‘yicha, shuningdek, barcha ta'lim maskanlarining Internet tarmog‘iga ulanishini ta'minlash va o‘quv jarayonini kompyuterlashtirish darajasini oshirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Chekka hududlardagi ta'lim muassasalarida o‘qituvchilar ishining jozibadorligini oshirish uchun sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.

Doimiy ravishda nogiron bolalarga ko‘mak beriladi va ular ta'lim muassasalariga qamrab olinadi. Bundan tashqari, nodavlat ta'lim muassasalari tarmog‘i, shuningdek, davlat-xususiy sektori hamkorligida faoliyat yurituvchi ta'lim muassasalari tarmog‘i kengaytiriladi.

Mazkur konsepsiyani amalga oshirish natijasida O‘zbekistondagi ta'lim muassasalarida yangi davlat ta'lim standartlari hamda o‘quv dasturlari joriy etiladi. Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta'limga oid zamonaviy innovatsion hamda iqtisodiyot talablariga javob beruvchi STEAM fanlari yaratiladi, deyiladi xabarda.

Mazkur hujjat loyihasining muhokamasi 2019 yilning 22 yanvarigacha davom etadi.

Mavzuga oid