O‘zbekiston | 00:30 / 10.01.2019
29618
7 daqiqa o‘qiladi

«Amaldorlar jamoatchilik fikriga quloq tuta boshladi». Yuliy Yusupov «Chernyayevka»dagi o‘zgarishlar haqida

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashuv markazi (CED) rahbari Yuliy Yusupov xalq orasida "Chernyayevka" nomini olgan bojxona postida yangi zal ochilishi marosimida ishtirok etdi va shunga doir fikrlari bilan bo‘lishdi.

"G‘ishtko‘prik" bojxona postida ("Chernyayevka") pasport nazorati va bojxona tekshiruvidan o‘tish uchun yangi zalning ochilishida qatnashdim. Taklifdan ajablandim: kuzda facebook'da odamlarning post orqali o‘tishi yomon tashkil qilinganiga oid ikki yoqimsiz izoh nashr etdim (ba'zi elektron OAV u bilan bo‘lishdi). Mening fikrimcha, navbatlardagi tirbandlik eng avvalo to‘siqlar va panjaralardan foydalanish tufayli yuzaga kelar edi. Bu esa:

a) odamlarning shusiz ham kichik joyining bir qismini olar edi;

b) ba'zi holatlarda siqilishga olib kelib, fizika qonunlariga muvofiq tirbandlikka olib kelardi.

Ikki maqolamdan keyin eng xavfli to‘siqlar olib tashlandi va uchinchi izohimda bu haqida yozdim.

Mana, yangi keng zal ham qurib, ekspluatatsiyaga kiritildi. Undan O‘zbekistonga kirishda foydalaniladi. Ilgari ikki qismga bo‘lingan eski zal endi to‘liq mamlakatdan chiquvchilar uchun ajratilgan. Kabinkalarning ko‘pi - pasport nazorati va buyumlarni tekshiruvchi qurilmalar uchun. Imkoniyati cheklangan shaxslar va sayyohlar uchun alohida kabinkalar ajratilgan. Postning o‘tkazish quvvati sezilarli darajada oshgan. O‘rindiqlar o‘rnatilgan. Suv uchun kulerlar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Nogironligi bo‘lgan kishilar va keksalar uchun aravachalar keltirish haqida o‘ylashmoqda. Asosiysi, hech qanday to‘siq va panjaralar yo‘q! Yashang!

Bojxona qo‘mitasi vakillari va post ishchilari bilan muloqot davomida ma'lum bo‘lishicha, mening postlarim va ularga nisbatan jamoatchilikning reaksiyasi yangi zalni qurish va ishga tushirishga doir ishlarning tezlashishiga turtki bergan. Jamoatchilik fikrini barcha inobatga olayotgani ko‘p bora ta'kidlandi va bu yaxshi.

Aytgancha, Bojxona qo‘mitasi vakillari bilan yuqori boj to‘lovlari ishlab chiqaruvchilarimizni himoya qilmasligi, balki bojxona organlari faoliyati uchun qiyinchiliklar yuzaga keltirishi, kontrabanda va korrupsiya uchun qulay muhit yaratishiga doir fikrimiz to‘liq muvofiq kelishi aniqlandi. O‘z muammolarini yuqori bojxona to‘lovlari evaziga hal qilishga urinuvchi turli lobbistlar bilan hamkorlikda kurashishga kelishib oldik. 2018 yilning iyunida bojxona to‘lovlarining radikal qisqarishi va hatto aksariyat tovarlar bo‘yicha ularning to‘liq bekor qilinishiga doir qaror qabul qilinishiga qaramay, dekabr oxirida bu qaror qator pozitsiyalar bo‘yicha yuqori bojxona to‘lovlarini saqlab qolish foydasiga qisman qayta ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, yuklarni nazorat qilish jarayonlari bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar rejalashtirilayotgani haqida ham so‘z bordi, bu o‘z navbatida mamlakatimizdagi tashqi iqtisodiy faoliyatni sezilarli darajada yengillashtirishi kerak.

Nima uchun bu muhim?

O‘zbekistonni Qozog‘iston bilan bog‘lovchi asosiy bojxona postida yangi zalning ochilishi - bizning dunyoga ochilish va qo‘shnilar bilan do‘stona, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishimiz tomon qo‘yilgan muhim qadam.

Chegara postlari - yer usti va aeroportlardagi postlar - O‘zbekistonning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi. Ular bo‘yicha tashrif buyuruvchilarda mamlakat haqidagi ilk taassurotlar shakllanadi. Ba'zan esa bu taassurotlar eng yodda qolarlisi bo‘lishi mumkin.

Yaponiyada ikki marta bo‘ldim va eng yorqin xotiralarimdan biri quyidagicha. O‘zbekistonga qaytyapmiz. Xalqaro aeroport. Yukni topshirdik. Qo‘l yuki tekshiruvidan o‘tyapmiz. Hamkasbimning sumkasida qandaydir sous joylangan idish bor ekan, bortga esa suyuqlik bilan chiqish mumkin emas. Yapon bojxona xodimlari ming marta kechirim so‘rab (hech aybi bo‘lmasa-da), sous solingan idishni alohida jo‘natma sifatida qadoqlashdi va Toshkentga yo‘llashdi. Bu men uchun shok bo‘ldi. Mamlakatning tashrif qog‘ozi qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylantiruvchi yaxshi ma'nodagi shok.

Men ko‘p sayohat qilishimga to‘g‘ri kelgan, eng avvalo Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab. Turli odamlar bilan ko‘p muloqotda bo‘lganman va suhbatlashaman. Ularni O‘zbekistonga taklif qilasiz: "Bizning yurtda ham mehmon bo‘ling!" Afsuski, ko‘pincha "Rahmat, ammo bormayman", degan javobni eshitganman. "Nima uchun?". "Bir marta bo‘lganman - boshqa borish istagim yo‘q". Eng yomoni, bizning mamlakatimiz bilan bog‘liq salbiy taassurotlarning 90 foizi chegaradan o‘tish vaqtida hosil bo‘lgan. Navbat kutish, tartibsizlik, tekshiruvdan o‘tishdagi tahqirliklar, pul "shilish".

Yana ko‘pchilik chegara "yopiq"ligi sabab kela olmagan. Bu o‘tib bo‘lmas chegara ilgari bo‘lmagan joyda yuzaga kelgan. Yuzlab yillar o‘zaro qardoshlik va do‘stona aloqalar bilan bog‘langan ikki eng yaqin qishloq aholisi birdan kechib bo‘lmas devor bilan ajratilgan. So‘nggi ikki yilda bu masalalar bo‘yicha katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Chegaralar ochildi. Bojxona punktlaridan o‘tish soddalashtirildi. Mamlakatlar o‘rtasida tovarlar va kapitallar harakati ham yengillashtirilmoqda. Rivojlanish va yutuqlar ko‘rinmoqda. Qo‘shni mamlakatlarda O‘zbekistonga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgardi. Biz va prezidentimizni maqtashmoqda, qo‘llab-quvvatlashmoqda, muvaffaqiyatlar tilashmoqda. Kelish istagida bo‘lganlar soni oshmoqda.

Umuman olganda, chegaradan o‘tish uchun qulay sharoitlar yaratish nafaqat mehmonlar va sayyohlar uchun, balki O‘zbekiston aholisining o‘zi uchun, shu bilan birga yer usti chegara punktlaridan foydalanuvchi xorijliklar uchun ham muhimdir.

Bundan tashqari, yangi zalning ochilishi - amaldorlarning nihoyat jamoatchilik fikriga quloq tuta boshlagani belgisi. Hukumat va aholi o‘rtasida asta-sekinlik bilan hozircha bo‘sh, beqaror mexanizmlar shakllanmoqda. Umid qilamizki, vaqt o‘tishi bilan bu mexanizmlar mustahkamlanadi, kengayadi hamda mamlakatda to‘laqonli fuqarolik jamiyati va fuqarolar nazoratidagi davlat yuzaga keladi".

Mavzuga oid