Sport | 18:20 / 13.01.2019
13318
9 daqiqa o‘qiladi

Bugungi o‘yinlar: Sulsher uchun jiddiy imtihon, Messi yubiley arafasida

Foto: Squawka

13 yanvar kuni Yevropa yashil maydonlarida bir qator katta o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

13 yanvar, yakshanba
«Tottenhem» – «Manchester Yunayted». 21.30. «Uembli» stadioni.
«Barselona» – «Eybar». 22.30. «Kamp Nou» stadioni.
«Betis» – «Real». 00.45. «Benito Vilyamarin» stadioni.
«Marsel» – «Monako». 01.00. «Velodrom» stadioni.

Sulsher yo‘lida Keyn

Ole Gunner Sulsher «Manchester Yunayted» muxlislariga o‘zini sevdira oldi. Uning «qizil iblislar» boshqaruvida ajoyib debyut qayd etdi. Joze Mourino «Liverpul»ga mag‘lub bo‘lingach, iste'foga chiqarilganidan keyin vaqtinchalik bosh murabbiy siftida tayinlangan norvegiyalik mutaxassis qatorasiga 5 o‘yinda g‘alaba qozondi (APL doirasida «Kardiff» 5:1, «Haddersfild» 3:1, «Bornmut» 4:1, «Nyukasl» 2:0 hisobida mag‘lub etildi, shuningdek, jamoa Angliya Kubogida «Reding»dan 2:0 hisobida ustun kelib, keyingi bosqichga o‘tdi).

Endi u va jamoani jiddiy sinov kutmoqda. APLning bu turidagi markaziy uchrashuvi «Uembli» stadionida «Tottenhem» va «Manchester Yunayted» o‘rtasida kechadi. 

Yozgi transferlar chog‘ida bitta ham yangi futbolchi xarid qilmagan «Tottenhem» mavsumni yaxshi o‘tkazmoqda va kuchli uchlikda bormoqda. 

Maurisio Pochettino bu o‘yinda jamoaning asosiy tayanch yarimhimoyachisi Erik Dayyer, hujumkor yarimhimoyachi Lukas Moura, stopper Mussa Dembele, himoyachi Yan Fertongen xizmatlaridan foydalana olmaydi. Ammo manchesterliklar darvozasiga Harri Keyn doimiy ravishda tahdid solib turishi mumkin. Seshanba oqshomida Angliya Ligasi Kubogi yarim finalida «Chelsi» darvozasiga penaltidan gol urgan Harri Keyn joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida urgan gollari sonini 20taga yetkazdi va «Tottenhem»ning qatorasiga 5 mavsum davomida kamida 20tadan gol urgan ilk futbolchisiga aylandi. Qolaversa, u qatorasiga 6 o‘yinda golda ishtirok etish orqali o‘z shaxsiy rekordini yaxshiladi. U 160 gol bilan londonliklar klubi tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Qolaversa, agar u bugun ham gol ursa, APLning joriy mavsumida to‘purarlar poygasida yakkapeshqadam bo‘lib oladi, hozircha u APL o‘yinlarida «Arsenal» hujumchisi Per-Emerik Obameyang va «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh kabi 14tadan gol urgan.

Birinchi davrada «Tottenhem» «Old Trafford»da «MYu»ni yirik hisobda mag‘lub etgan (3:0), Keyn bir gol urgan va bir golga hammualliflik qilgandi. Sulsher bundan yaxshi xabardor va birinchi navbatda uni qo‘riqlashga jiddiy e'tibor qaratadi. Norvegiyalik murabbiy o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida Markus Reshford ham Keyn darajasidagi hujumchiga aylana olishi mumkinligi haqida gapirdi. Angliyalik yosh hujumchi ham juda yaxshi sport formasida, u jamoasining oxirgi 5 o‘yinida 3ta gol urdi va 2 golga uzatma berdi. Bugun Angliyadagi bosh o‘yingohdagi o‘yin zerikarli bo‘lmasligi kafolatlanadi.

Leoga gol kerak, «Real»ga g‘alaba

Ispaniya yakshanba oqshomida tarixiy voqeani kutmoqda - bugun Lionel Messi La Liga o‘yinlaridagi 400-golini urishi mumkin. «Barselona» oxirgi 5 o‘yinida durang qayd etgan «Eybar»ga qarshi maydonga tushadi. Bu jamoalar o‘rtasida shu vaqtgacha 8ta o‘yin o‘tkazilgan, Leo bu o‘yinlarda jami 12ta gol urgan. Argentinalik futbolchi bu jamoaga 3 marta dubl qayd etgan, o‘tgan mavsumda «Kamp Nou»da kechib, mezbonlarning 6:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan o‘yinda esa poker qayd etgandi. 

«Barsa» ustozi Ernesto Valverde jamoa sardori 400 gollik dovonni tezroq zabt etishiga umid bildirdi va unga oldindagi uchrashuvda omad tiladi.

Kataloniyadagilar bayramga hozirlanayotgan bo‘lishsa, Madriddagilar o‘tgan haftada yubiley golga guvoh bo‘lishgandi. Serxio Ramos Ispaniya Kubogi doirasida «Leganes»ga qarshi kechgan o‘yinda (3:0) «Real» safidagi gollari sonini 100taga yetkazgandi. Bu g‘alaba «Qirollik klubi»ga inqirozdan chiqish uchun yana bir umid baxsh etgandi. 

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan qaytganidan keyin Santyago Solari jamoasi La Liga doirasidagi 2 o‘yinda bir ochko oldi («Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda 2:2 hisobida durang, «Real Sosedad» bilan o‘yinda 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat). Qolaversa, bu o‘yinlarda Garet Beyl jarohat oldi. Agar «Betis» ham ochko yo‘qotmaganida (oxirgi 3 uchrashuvda 2 ochko), bu jamoa allaqachon madridliklarni oltinchi o‘ringa tushirib yuborgan bo‘lardi. Bu turda aynan «Betis» «Real»ni qabul qiladi.

Qishki transferlar vaqtida meksikalik vunderkind Laynes bilan tarkibni kuchaytirgan mezbonlar «Real» uchun jiddiy sinovdir. Shu bilan birga, agar bu o‘yinda g‘alabaga erishsa, madridliklar kuchli to‘rtlikka kirib olishi mumkin, ayni vaqtda to‘rtinchi o‘rinda joylashgan «Alaves» bu turda «Jirona»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi (1:1).

Inqirozdagi jamoalar to‘qnashuvi

Fransiyada diskvalifikatsiya barcha turnirlarga taalluqli bo‘ladi. Shu tufayli, «Monako»ning 4 o‘yinga chetlashtirilgan rossiyalik legioneri Aleksandr Golovin muddatni o‘tab bo‘ldi. U yakshanba kuni «Marsel»ga qarshi kechadigan o‘yinga zayavka qilingan. Uning yo‘qligida monegaskliklar jamoasi Fransiya kubogida yarim finalga chiqdi va ayni vaqtda g‘oliblik uchun asosiy da'vogar bo‘lib turibdi. Kubok o‘yinlarida jamoada yangi xaridlardan biri Naldo muvaffaqiyatli debyut qildi. Jamoa Sesk Fabregas va Venkerni o‘z safiga qo‘shib olgan, avgust oyida jarohat tufayli safdan chiqqan Roni Lopesh ham safga qaytgan. Ammo bu hali «Monako»ni autsayder maqomidan qutqara olmaydi. Jamoa chempionatdagi holatni ham yaxshilashi kerak.

«Marsel» ayni vaqtda ikkinchi o‘rindagi «Lion»dan 5 ochko kam jamg‘argan holda uchinchi o‘rinda bormoqda. Lekin Rudi Garsiya shogirdlari noyabr oyi oxiridan buyon g‘alaba neligini bilmayapti. O‘tgan vaqt ichida marselliklar Fransiya Chempionatida 3 o‘yin o‘tkazib, 2 ochko olishdi. Shuningdek, Yevropa Ligasi hamda Fransiya Ligasi Kubogini tark etishdi. 2019 yil esa Fransiya Kubogi doirasida to‘rtinchi divizion vakilidan sharmandali mag‘lubiyatni qabul qilib olish bilan boshlandi.

Qaysi klubdagi inqiroz chuqurroq? Statistika «Monako»ni favorit sifatida ko‘rsatmoqda. Knyazlik jamoasi 2015 yil mayidan buyon «Velodrom» o‘yingohida mag‘lubiyatga uchramagan. Marseldagi o‘yinlar gollarga boy bo‘lgani bilan e'tiborlidir: 3:3, 4:1, 4:3, 2:2... 

Bu safar qanday hisob qayd etilishini tez orada bilib olamiz. Otasining dafn marosimiga ketgani uchun o‘yinda ishtirok eta olmaydigan Radamel Falkao yo‘qligi natijaga qanchalik ta'sir ko‘rsatadi?

Mavzuga oid