Sport | 17:27 / 16.01.2019
26231
10 daqiqa o‘qiladi

Anons: Bugun Osiyoning eng qaynoq derbisi

Foto: Getty Images

Bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00da Osiyo Kubogi guruh bosqichining eng qaynoq o‘yinlaridan biri boshlanadi. Bu bahsni guruh bosqichining finali desak ham «haqqimiz ketmaydi». «D» guruhida pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritgan Eron va Iroq guruh g‘olibi aniqlanadigan o‘yinda maydonga tushishadi. Keskin kurashlarga boy kechishi kutilayotgan bahsga OFK kutilganidek qit'aning eng yaxshi hakami Ravshan Ermatovni tayinladi. Nega bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar o‘ta keskin o‘tadi? Nega bu bahs qit'aning superderbisi nomini olgan?

«Qonli derbi»

1 599 kilometr umumiy chegaraga ega bu davlatlar o‘rtasidagi munosabat o‘ta murakkab. Ular o‘rtasidagi siyosiy nizoning kuchayishiga ko‘pchilik Saddam Husaynni ayblaydi. Aynan uning Erondagi neft konlariga qilgan hujumi ikki mamlakat o‘rtasida naqd 8 yil davom etgan urush boshlanishiga sabab bo‘ladi. Bu urushdan Saddam hech narsaga erisha olmaydi va Iroq iqtisodiyotini og‘ir ahvolga keltiradi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra bu urushda ikki tomondan jami 400 mingdan 700 minggacha kishi halok bo‘lgan. 1,5 milliondan ortiq kishi yaralangan. Janglarda bolalar ham qatnashgan. Uzoq tarixga ega ikki davlat o‘rtasidagi mojaro sportga ham ko‘chgan va Eron – Iroq o‘yini doimo o‘ta prinsipial xarakterga ega bo‘lib keladi.

Eron va Iroq o‘zaro 22 marta to‘qnash kelishgan. Ustunlik shubhasiz Eron tomonida - 12-5-5. Lekin jamoalarning oxirgi o‘yinida Iroqning qo‘li baland kelgan. 2017 yil 18 mart kuni Tehronda o‘tkazilgan o‘yinda Iroq 1:0 hisobida g‘alaba qozonadi. O‘shanda xavfsizlik sabab muxlislar stadionga qo‘yilmagan, jamoalar bo‘m-bo‘sh «Ozodiy»da o‘yin o‘tkazishgandi.

Osiyo Kuboklarida ham jamoalar tez-tez to‘qnash kelishadi. Bugungi o‘yin jamoalarning qit'a chempionatidagi 7-to‘qnashuvi bo‘ladi. Bu turnir miqyosidagi ustunlik hozircha Eron tomonida – 4:2. Eron va Iroq ketma-ket uchinchi marta Osiyo Kubogida to‘qnash kelayotganlarini ham ta'kidlash kerak. 2011 yil Eron guruh bosqichida amaldagi chempion Iroqni 2:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, o‘tgan Osiyo Kubogida jamoalar musobaqaning eng zo‘r o‘yinini o‘tkazib berishgandi.

Kanberradagi «triller»

2015 yili Osiyo Kubogida ham Eron g‘oliblik uchun asosiy da'vogarlardan deb qaralayotgandi. Chunki Keyrush jamoasi musobaqaga 3 yil davom etgan mag‘lubiyatsiz seriya bilan boradi. Eronni Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi 2012 yil noyabrda Tehronda mag‘lub etgani yodingizda bo‘lsa kerak. O‘sha mag‘lubiyat Eron uchun 2015 yilgi Osiyo Kubogi chorak finaligacha oxirgisi bo‘lib turadi. Guruh bosqichida forslar BAA, Qatar va Bahrayn qatnashgan «o‘lim guruhi»da katta ustunlik bilan birinchi bo‘ladi. Iroq esa Yaponiya qatnashgan guruhda ikkinchi bo‘lib chorak finalga chiqadi.

Chorak final doirasidagi Eron – Iroq o‘yini Avstraliya poytaxti Kanberrada o‘tkaziladi. Uchrashuv olis «Yashil qit'a»da o‘tkazilganiga qaramay, stadion muxlislar bilan to‘ladi. O‘yinda hisobni Sardor Azmun ochadi. Yosh hujumchi o‘ng qanotdan Voriya G‘ofuri uzatgan to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘llab jamoasini oldinga olib chiqadi – 1:0. 43-daqiqada esa o‘yinda burilish yasagan voqealardan biri sodir bo‘ladi. Raqib jarima maydonchasi ichida o‘zini tuta olmagan eronlik Mehrdod Po‘ladi Iroq darvozaboni Jalol Hasanni (u bugun ham asosiy tarkibda o‘ynasa kerak) tepib yuboradi. Mahalliy hakam Benjamin Jo Uilyams esa Po‘ladiga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatib maydondan chetlatadi.

Eronning bir kishi kam bo‘lib qolgani ikkinchi bo‘lim avvalidayoq o‘z so‘zini aytadi. Keyrush bo‘shab qolgan chap qanotni to‘ldirish uchun yarimhimoyadan Ma'sud Shojaiyni oladi va uning o‘rniga Vohid Amirini tushiradi. Iroq esa 56-daqiqada aynan Amirining qanotidan hujum uyushtirib, Ahmad Yosinning goli evaziga hisobni tenglashtiradi. Biroq Eron bir kishi kam bo‘lishiga qaramay, asosiy vaqtda 1:1 hisobini saqlab qoladi.

Haqiqiy «jang» esa qo‘shimcha bo‘limlarda boshlanadi. 93-daqiqada nafaqat Iroqning, balki butun Osiyo futbolining afsonasi Yunus Mahmud qanotdan uzatilgan to‘pni ajoyib tarzda bosh bilan darvozaga yo‘llaydi va jamoasini oldinga olib chiqadi – 1:2. Biroq eronliklar bir kishi kam bo‘lishlariga qaramay 103-daqiqada hisobni tenglashtirishadi. Murtazo Puraliganji burchakdan uzatilgan to‘pni bosh bilan darvozaga joylab qo‘yadi – 2:2.

Bu hali hammasi emasdi. Iroq 116-daqiqada penaltidan gol urib oldinga chiqib oladi va bayramni boshlab yuboradi. Biroq Eron qanchalik irodali ekanini yana bir bor isbotlaydi. 119-daqiqada forslar yana burchak to‘pi tepishadi. Bu vaziyatda darvozabon Alirizo Xagigi ham Iroq jarima maydonchasiga yetib keladi. Burchakdan uzatilgan to‘pni Javod Nekunam darvozaga yo‘llaydi. To‘p ustunga tegib qaytadi. Qaytgan to‘pni Jalol Husayni zarb bilan darvozaga yo‘llaydi, bu gal to‘p darvoza to‘siniga tegadi, uchinchi urinishda esa Rizo Guchannajot bosh bilan to‘pni darvozaga yo‘llaydi – 3:3. Bu goldan keyin stadion «portlaydi». Eron bir amallab o‘yinni penaltilar seriyasiga olib boradi, lekin seriyada iroqliklarning omadi kelib g‘olib bo‘lishadi. Bu o‘yin o‘tgan Osiyo Kubogining eng qiziqarli bahsi bo‘lib yodda qolgandi.

Ermatov uchun ikkinchi derbi 

Bugungi o‘yinni Ravshan Ermatov boshqarishini aytdik. Osiyoning oxirgi 10 yillikdagi eng zo‘r hakami ikkinchi marta Eron va Iroq o‘rtasidagi rasmiy o‘yinni boshqaradi. O‘zbekistonlik hakam jamoalarning 2011 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqichidan o‘rin olgan bahsini ham boshqargan. O‘shanda unchalik kuchli bo‘lmagan Eron guruh bosqichidagi Iroq ustidan qozonilgan g‘alabani qanday bayram qilgani yodingizdadir. Biz esa o‘sha bahsdagi boshqa jihatga e'tiboringizni qaratmoqchimiz. Ermatov o‘ta asabiy kechgan o‘yinni juda zo‘r boshqargan va butun o‘yin davomida atigi bitta sariq kartochka ko‘rsatgan. Balki OFK shu sabab bugungi o‘yinga ham Ermatovni tayinlagandir.

«Biz xatoni takrorlamasligimiz kerak »

Bugungi o‘yindan oldin hozircha Osiyo Kubogida maydonga tushmagan Alirizo Jahonbaxsh shunday dedi: «Biz xatomizni takrorlamasligimiz kerak». Eronlik barcha futbolchilar 2015 yilgi mag‘lubiyatni xato deb hisoblashadi. Keyrush ham o‘yindan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘sha bahsni esladi: «2015 yilgi o‘yinni yaxshi eslayman. Juda zo‘r o‘yin bo‘lgandi. Bunday bahslarda kichik detallar masalani hal qiladi. O‘sha o‘yinni janob Benjamin Uilyams boshqargandi. Unga salom yo‘llagan holda aytishim kerakki, yaxshiyam ertangi uchrashuvni u boshqarmaydi».

Eron yaqqol favorit

Iroqqa qarshi o‘yinda Eronga hech qachon oson bo‘lmaganini rad etmagan holda aytishimiz mumkinki, bugungi o‘yinning yaqqol favoriti Eron. Keyrush jamoasi ayniqsa oxirgi 4 yilda juda o‘sdi. Keyrush bilan 2 marta jahon chempionatida qatnashgan Eron ayni damda Osiyoning eng kuchli jamoasi. Bu jamoa jahon chempionati bahslarida qanchalik shiddat bilan harakat qilgan bo‘lsa, Osiyo maydonlarida shunchalik xotirjam va sovuqqon o‘yin ko‘rsatadi. Iroq esa hamon aniq uslubdan ko‘ra shiddatga va ehtirosga tayanadigan jamoa. Yunus Mahmud ketganidan so‘ng futbol tili bilan aytganda «Kiyim almashtirish xonasidagi yetakchilikni» Ali Adnan qo‘lga olgani ko‘rinmoqda. A Seriya vakili «Atalanta»da o‘ynovchi Ali Vetnam darvozasiga gol urgach ko‘rsatgan xunuk qilig‘ini inobatga olmasa, yetakchilikni yaxshi uddalamoqda. Undan tashqari, Muhannad Ali haqida ham yaxshi gaplar aytilmoqda.

Eronda esa biror futbolchini ajratib ko‘rsatish qiyin. Chunki butun jamoa yulduz futbolchilardan tashkil topgan. Har holda Osiyo uchun eronlik futbolchilarning deyarli barchasi yulduzlar. Angliya Premer-Ligasida o‘ynovchi, o‘tgan mavsum Niderlandiya chempionati to‘purari bo‘lgan Alirizo Jahonbaxsh dastlabki ikki o‘yinda maydonga tushmaganining o‘ziyoq Keyrush jamoasida qanday raqobat yuzaga kelganini ko‘rsatadi. Xullas, bu o‘yinni o‘tkazib yubormaslik uchun sabablar yetarli. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00da boshlanadi va «Sport» telekanalida jonli efirda olib beriladi. O‘tkazib yubormang.

Mavzuga oid