O‘zbekiston | 09:31 / 18.01.2019
25395
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmoni: kapitali 1 mlrd dollar bo‘lgan yangi jamg‘arma tashkil etilmoqda

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining quyidagilarni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi:

a) e'lon qilingan kapitali 1 milliard AQSh dollari miqdorida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi. Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, shuningdek, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb etish;

xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish orqali investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish va rivojlantirish;

investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

investitsiya muhitini yaxshilashga, shuningdek, respublikamizning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini xorijda keng targ‘ib qilishga ko‘maklashish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladigan 5 million AQSh dollari miqdoridagi ustav kapitaliga ega, aksiyadorlik jamiyati shaklidagi, davlat ulushi 100 foiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining boshqaruv kompaniyasi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Jamg‘armaning yagona ta'sischisi hisoblanadi hamda uning kapitalini Jamg‘arma bilan birgalikda loyihalarga investitsiya kiritish to‘g‘risida investorlar tomonidan qaror qabul qilinishiga qarab shakllantiradi;

investitsiya loyihalari boshqaruv kompaniyasi tomonidan investitsiya uchun ustuvor sohalar, iqtisodiy maqsadga muvofiqlik va samaradorlik hisobga olingan holda mustaqil ravishda tanlab olinadi;

bir loyiha bo‘yicha Jamg‘arma investitsiyalarining eng ko‘p miqdori ushbu loyihaga kiritilishi rejalashtirilayotgan investitsiyalar umumiy hajmining 30 foizidan oshmasligi lozim, qolgan qismi investorlarning o‘z mablag‘i va jalb qilingan mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

Jamg‘arma va boshqaruv kompaniyasi faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid