O‘zbekiston | 12:00 / 18.01.2019
29841
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq qabulxonalariga qo‘shimcha vazifalar yuklandi

Foto: minjust.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan Xalq qabulxonalariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish;

hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ommaviy va sayyor qabullar o‘tkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda ishtirok etish;

ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashish bilan bog‘liq ishlarini muvofiqlashtirish;

davlat xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini muvofiqlashtirish;

faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi Xalq qabulxonalari mudirlari - O‘zbekiston Respublikasi prezidentining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tuman (shahar) Xalq qabulxonalari mudirlari — O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan;

Xalq qabulxonalarining boshqa xodimlari - O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Xalq qabulxonalarining boshqaruv xodimlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi.

Xalq qabulxonalariga quyidagi qo‘shimcha huquqlar berildi:

sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish, ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etish;

sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlardan faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborotlar hamda hujjatlarni so‘rash va olish, ularning mutaxassislarini jalb qilish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ular faoliyati va ko‘rsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta'minlashga qaratilgan choralar ko‘rish.

Mavzuga oid