Jamiyat | 12:57 / 21.01.2019
22024
2 daqiqa o‘qiladi

Har juma kuni masjidga eltib qo‘yish tekin. Navoiyda yangi loyiha ishga tushdi

Zarafshon shahri yoshlari tomonidan yangi — «Tekin taksi» loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha doirasida shahardagi qariyalar, nogironligi bor shaxslar, yosh bolali va homilador ayollarga ko‘mak berish niyatida bozor, kasalxona hamda jome' masjidlari yoniga bepul taksilar tashkil etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Zarafshon shahar kengashi raisi Iftixor Saidov Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«Bir kunda 500 dan ortiq aholiga beminnat yordam ko‘rsatildi. Loyiha haftaning har juma kuni amalga oshiriladi», — deydi Saidov.

«Umidli yulduzlar» MChJ bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga ko‘ra, har bir taksiga bir nafardan Yoshlar ittifoqi faoli biriktiriladi.

«Shu kunlarda havo sovuq. Bunday vaqtda ko‘chada piyoda yurish nuroniylar, bolali ayollarga, bemorlarga og‘irlik qiladi. Bu loyiha biz qariyalar uchun ayni muddao. Baraka topishsin!», — deydi Rustam ota Salimov.​

Bundan avval, Urganch shahridagi «Xorazm Ravon trans» mas'uliyati cheklangan jamiyati​ yengil taksi haydovchilari bayram kunlari shahar ichi yo‘nalishlari bo‘ylab homilador ayollar va nogironlarni bepul o‘z manziliga yetkaz​ib qo‘yishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid