Sport | 17:00 / 22.01.2019
95778
10 daqiqa o‘qiladi

«Denisov effekti». Chet ellik murabbiy haqida

Osiyo Kubogida nimchorak finalda kurashni to‘xtatdik. Bu biz uchun yaxshi natija emas, 2004 yildan beri futbolchilarimiz guruh bosqichini muntazam hal qilib kelishgan. Hatto oldingi turnirlarda kamroq jamoa qatnashganligidan, guruhlarimiz ham nisbatan kuchliroq bo‘lgani ham shubhasiz. Xo‘sh, nimaga erishildi Kuper bilan? Agar natija o‘sha holatda qolgan bo‘lsa, biz yana nimalarga ega bo‘ldik o‘zi? Mashhur latifadagidek, poyezdga bir soat kech qolish bilan ikki soat kech qolish o‘rtasida farq bormi?

2011 yilgi «Boxing Day» bayrami kuni kechqurun Ueyn Runi rafiqasini va jamoadosh do‘stlari Gibson va Evansni olib, tungi klubga chiqadi. Ertasi kungi mashg‘ulotlarda bu uch futbolchining holati Aleks Fergyusonga yoqmaydi va bir kun oldingi maishatdan ham xabar topgach, ularni 31 dekabr kuni bo‘lishi kerak bo‘lgan «Blekbern»ga qarshi o‘yin qaydnomasidan o‘chirib tashlaydi. Shundoq ham tarkibda muammolarga (masalan, Vidich va Ferdinand jarohat olgan, Evansning yo‘qligi tufayli esa, o‘sha kuni himoya markazida yosh Fil Jons va yarim himoyachi Kerrik o‘ynagan) ega bo‘lgan jamoaga bu uch yo‘qotish ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi va «Blekbern» 3:2 hisobida g‘alaba qozonadi. 

O‘shanda «Manchester Yunayted» Angliyada chempionlik uchun kurashayotgandi. Mavsum oxirida «MYu» va «Manchester Siti» bir xil ochko to‘plagan va faqat to‘plar nisbati bo‘yicha «Siti» chempionlikni ilib ketgandi. «Blekbern» bilan o‘yinda qo‘lga kiritilishi kerak bo‘lgan ochkolar, amalda «MYu»ni sovrindan mahrum qilganini qarang. Fergyuson o‘sha qarori yakuniy natijaga ta'sir qilgani haqida o‘ylab pushaymon bo‘lganmikin? Nima deb o‘ylaysiz?

Menimcha, yo‘q. Haqiqiy murabbiy, kuchli murabbiy natijaning ketidan quvib, o‘z prinsiplaridan voz kechmaydi, aksincha, ayni o‘sha paytda qabul qilishi mumkin bo‘lgan eng to‘g‘ri qarorni qabul qiladi. Tamom. Agar hammasi mana shu o‘lchovlar asosida ketsa, natija ham, o‘sish ham albatta bo‘ladi. Yuqoridagi hikoyadagi kemtik joyi ham shu: Runi va uning sheriklari Fergyuson boshchiligida keyingi mavsumni 12 ochkolik farq bilan muddatidan oldin chempionlik bilan yakunlashdi. «Manchester Siti» esa, misol uchun, Teves, Balotelli mojarolari bilan o‘ralashib qoldi. Fergyuson to‘g‘ri qilgandi.

Agar Avstraliyaga qarshi o‘yinda chap qanotimizda Vitaliy Denisov o‘ynaganida, yaxshiroq natijaga erishishimiz mumkin edi, degan fikr mening xayolimdan ham o‘tdi, albatta. O‘yin bo‘layotgan paytda, to‘p Zoteyev yoki Sayfiyevga kelganida, bir muddat ularning o‘rnida Denisovni tasavvur qilib ko‘ring-da, yaxshiroq kross, yaxshiroq pas, yaxshiroq dribling, umuman kuchliroq o‘yinni ko‘z oldimizga keltirishimiz juda oson. Denisov bu - Denisov.

Ammo hammasi bu darajada oson emas. Denisovning o‘rnini faqat Denisovning o‘rnidan qidirmang. Keling, sal kengroq o‘ylab ko‘raylik. Denisov va Runining holati bir-biriga o‘xshamaydi, to‘g‘ri. Denisov tartibni buzmadi, xato qilmadi. Shunchaki, Kuper ayni paytda Osiyo Kubogiga Denisovni chaqirmaslikni to‘g‘ri qaror deb bildi. Noxolislik yoki boshqa manfaat yo‘q, murabbiy qarori xolos. Kuperning qarori! Boshqa biror murabbiy, balki Gvardiola yoki Mourino Denisovni tarkibga jalb qilardi. Boshqa biror murabbiy, balki Klopp va Sarri jalb qilmasdi. Lekin bilasizmi, o‘zbekistonlik Pro-litsenziyasini olgan barcha 50 murabbiy, balki ko‘proq, xullas hammasi, Denisovni tarkibga jalb qilgan bo‘lardi.

Ya'ni, bu holatdagi ijobiy jihat shundaki, terma jamoamiz uchun beriladigan qarorlarda murabbiyning qarori, uning aynan futbol nuqtai nazaridan o‘ylagan rejasi eng ustun jihat bo‘lib qolmoqda. Yakunda bu qaror o‘zini oqladimi, yoki oqlamadimi, bu boshqa masala.

Buni yuqoridagi usulda o‘lchab bo‘lmaydi ham. Denisovning tarkibga olinmagani qolgan 23 futbolchiga qanday ta'sir qilishi mumkinligini bilasizmi?

«Futbolchining o‘tmishi, mashhurligi, nomi hech qanday ahamiyatga ega emas, Kuper uchun. Demak, ayni paytda kim o‘zini ko‘rsata olsa, o‘sha maydonga tushadi. Hatto Denisovdan voz kechildi-ku» – bu fikr har bir futbolchiga ta'sir qilgani aniq. Go‘yoki, terma jamoamizda almashtirib bo‘lmas o‘ringa ega bo‘lgan Ahmedov, Nesterov, Ismoilov yoki boshqa futbolchilar ham, endi o‘z o‘rinlari uchun qayg‘ura boshlashdi, so‘nggi yig‘inda ko‘proq ter to‘kishlariga to‘g‘ri keldi. Yoki aynan shunday futbolchilar to‘p suradigan pozitsiyalardagi boshqa futbolchilar ham agar o‘zlarini ko‘rsata olishsa, asosiy tarkibda o‘ynash imkoniyati borligini anglab yetishdi va yaxshiroq shug‘ullanishdi.

Agar Kuper ayni paytda kerak emas deb hisoblagan Denisovni baribir, kimningdir bosimidan yoki ertaga, natija bo‘lmay qolsa tanqid qilinishidan qo‘rqib, tarkibga jalb qilganda nima bo‘lardi? Denisovga o‘xshagan boshqa futbolchilar tarkibdagi o‘rni naqd ekaniga ishonib qolib, bu qadar mashg‘ulotlarga zo‘r berishmasdi. Yoki shu pozitsiyalardagi boshqa futbolchilar, baribir tarkibda kimlar to‘p surishi, yetakchilar aniq ekanini hisobga olib, boshqacha munosabatda bo‘lishardi.

Qarang, Shomurodov ikkinchi bo‘limda tushganiga qaramasdan (Ummonga qarshi o‘yinda), o‘yinga tayyor edi, Bikmayevdan tarkibdagi o‘rnini tortib oldi. Hoshimov, Hamdamov kabi futbolchilar Shoahmedov yoki Rashidovdan foydaliroq ekanliklarini aynan maydonda isbotlashdi. Futbolchilarimiz Avstraliyadan ikki kun kamroq tiklanish vaqtiga ega bo‘lishganiga qaramasdan, 120 daqiqa tengma-teng yugurishdi, so‘nggi bo‘limda hatto yuqori pressing qilib, ustunlik qilishdi. Bularning barchasi aynan turnir oldidan o‘tkazilgan og‘ir mashg‘ulotlar, terma jamoaga bo‘lgan munosabat, qisqasi Denisovning sharofatidan emasmi?

Yoki Eldor Shomurodovni olaylik. Biz JCh-2018 saralashining boshidan oxirigacha yaxshi hujumchi yetishmasligidan, bunday muammo butun dunyoda borligidan yozg‘irib keldik. Sergeyevning gollariga emas, himoyaga yordam berayotganiga yoki himoyachilarga bosim uyushtirayotganiga qaranglar, degan javoblarni tinglab keldik. Ayni o‘sha paytlarda ham bizda Shomurodov bo‘lgan, ammo aynan Sergeyevga oldinda imkoniyat berilishi uchun, Eldor qanotlarda, tushunarsiz pozitsiyalarda o‘ynab yurganiga nima deysiz? O‘zbekiston terma jamoasi tarixida bir Osiyo Kubogida eng ko‘p (4) gol urgan, umuman, BAAdagi turnirning hozircha eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lib turgan Eldor Shomurodov bir yil oldin ham bor edi-ku, ixtiyorimizda, to‘g‘rimi?

Chet ellik murabbiyning terma jamoamiz uchun ijobiy ta'siri haqida gap ketganda, bu «xamir uchidan patir». Men shunchaki, faqat bir jihatni misol keltirdim xolos. Uslub, taktika, hujumkorlik, himoyaga e'tibor qaratish, ehtiyotkorlik – bularning hammasi keyingi darajadagi masalalar. Chunki, dunyodagi har qanday murabbiy ataylab, himoyaga yotib olmaydi. O‘z jamoasining imkoniyatlaridan kelib chiqib reja qiladi.

Aslida, o‘zini hurmat qilgan chet ellik murabbiy futbolimizga ancha ko‘proq narsa beradi, bermoqda. Terma jamoa muhiti, unga bo‘lgan rahbarlarning, muxlislarning, futbolchilarning munosabati yuqoriroq bosqichga ko‘tarildi. Milliy terma jamoa rostan ham haqiqiy futbol jamoasiga, ya'ni faqat futbol nuqtai nazari va futbol manfaatlari boshqaradigan jamoaga aylandi. Buning uchun qandaydir olti oy yetarli bo‘ldi xolos.

O‘zbekiston FA terma jamoamizni rivojlantirish, bir qadam yuqoriroq bosqichga olib chiqish uchun chet eldan murabbiy taklif qilish qarorini qabul qilganida haq edi. O‘sha murabbiy Ektor Kuper bo‘lgani ham u qadar noto‘g‘ri yechim emasdi. Tan olish kerak, argentinalik murabbiy qisqa vaqt ichida terma jamoamizni o‘zgartira oldi. Eng muhimi, jamoa to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanmoqda. Faqat himoyalanish emas, to‘pni qanday saqlab turish, nazorat qilish borasida ham harakatlar sezilmoqda.

Mana shu yo‘lni shartta kesish va nimchorak finalga chiqishni o‘zimizning murabbiylar ham eplardi, degan sayoz baho bilan yangi eski tizimga qaytib qolishni istamasdim. Bu nafaqat bugungi futbolimizni, balki kelajakdagi muhim qarorlarimizga ham ta'sir qiladi. Ertaga, yana chet ellik murabbiy masalasi o‘rtaga tashlanganda, «ana, Kuper ham hech narsa qila olmagandi-ku?» deb faqat nimchorak final natijasi asos sifatida keltirilishini istamayman.

Bu noto‘g‘ri o‘lchov. Haydarovni Kuperdan, Qosimovni Skolaridan kuchli ekanini ko‘rsatadigan tarozi, menimcha, buzuq tarozi...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid