Sport | 20:49 / 30.01.2019
9302
2 daqiqa o‘qiladi

Xabib Nurmagomedov jamoasi a'zolari jazo muddati tugamaguncha oktagonga qaytmaydigan bo‘ldi

Yengil vazn toifasida UFC chempioni, Konor Makgregor bilan jangdan keyin chiqqan mojaro uchun 9 oyga musobaqalardan chetlatilgan Xabib Nurmagomedov noyabrda oktagonga qaytishi mumkin. Bu haqda uning menejyeri Ali Abdulaziz ESPN sport kanalida Ariel Xelvani bilan suhbatda ma'lum qildi. 

Xabib Makgregorga qarshi so‘nggi jangini Las-Vegasda (Nevada shtati) o‘tkazgan.

Nevada shtati atletik komissiyasi mojaro yuzasidan chiqargan qarorga ko‘ra, Xabib jamoasining mojaroda ishtirok etgan ikki a'zosi – Zubayra Tuxugov va Abubakr Nurmagomedov bir yilga musobaqalardan chetlatilgan. Xabibning o‘ziga esa 9 oylik chetlatilishdan tashqari, 500 ming dollarlik jarima solingan.

Xelvanining ma'lum qilishicha, Xabib UFC bosh qarorgohi joylashgan Nevada shtatida boshqa jang o‘tkazmaydi. Uning keyingi jangi Nyu-Yorkdagi Medison-skver-gardenda o‘tishi mumkin.

“Xabib Nevadada boshqa jang o‘tkazmaydi, chunki uning inilari juda qattiq jazolandilar”, deb aytgan Ali Abdulaziz.

Shuningdek, Xabib jamoasi a'zolari jazo muddati yakunlanmaguncha oktagonga qaytmasligi va ularning har biriga solingan 25 ming dollarlik jarimani to‘lab berishini aytgan.

Shuningdek, mojaroning yana bir ishtirokchisi – Konor Makgregor 6 oyga chetlatilgan va 50 ming dollarlik jarimaga tortilgan.

Xabibning menejyeri Makgregorga juda oz miqdorda jarima solingani uchun komissiya chiqargan qarorni adolatsiz deb atagan.

Konorning o‘zi esa qarorga qarshilik bildirmagan. Sportchilarning diskvalifikatsiya muddati 10 oktyabrdan boshlab hisoblanadi va shu tariqa irlandiyalik apreldayoq yana oktagonga qaytishi mumkin. 

“Komissiyaga adolatli qaror uchun minnatdorlik bildiraman. Men o‘sha kecha raqibimning yaqinlari bilan urishishni istamagandim, shunday chiqdi. Qaytishimni intiqlik bilan kutib qolaman”, deb yozgan irlandiyalik tvitterda.

Mavzuga oid