O‘zbekiston | 10:05 / 31.01.2019
8066
2 daqiqa o‘qiladi

TIVda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov ham qatnashdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov TIV hay'ati a'zolarining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. 

TIV xabariga ko‘ra, tadbir mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani jalb qilish, yurtimizda ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarni eksportini oshirish, turistlar oqimini ko‘paytirish va O‘zbekistonning xorijiy diplomatik vakolatxonalariga biriktirilgan mintaqalar iqtisodini rivojlantirish bo‘yicha mamlakat rahbarining topshiriqlarini bajarishga bag‘ishlandi.

Majlisda O‘zbekistonning xorijiy diplomatik vakolatxonalari rahbarlari videoaloqa orqali ishtirok etdilar.

Vazir o‘z nutqida ta'kidlaganidek, 2018 yil 11 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi xodimlari bilan uchrashuv chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev vazirlik Markaziy apparati va O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga xorijiy davlatlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va boshqa tuzilmalar bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi.

Prezidentning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaati va 2019 yil 8 yanvar kuni o‘tkazilgan joriy yil uchun investitsiya dasturiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari ushbu yildagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari va aniq maqsadlarni belgiladi.

Majlisda O‘zbekistonning qator elchilari hisobotlari tinglangan.

Tanqidiy tahlil natijalariga ko‘ra, Markaziy apparat va xorijdagi muassasalariga davlat rahbarining 2019 yilga mo‘ljallangan topshiriqlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha muayyan vazifalar yuklatildi.

Xabarga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kotibi Viktor Mahmudov ham ishtirok etgan.

Mavzuga oid