Buxoro viloyati hokimligi istirohat bog‘idagi holat bo‘yicha tanqidiy materialga munosabat bildirdi
Kun.uz saytida «Buxoroning tarixiy obidalaridagi yozuvlar va chiqindixonaga aylangan istirohat bog‘i» nomli tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.
Buxoro viloyati hokimligi ushbu maqolada keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Ma'lumotda keltirilishicha, «Somoniylar» istirohat bog‘i Buxoro shahar, Havzi-Bodom ko‘chasi, 42-uyda joylashgan bo‘lib,
1933 yilda tashkil etilgan. Bog‘ hududi 25,5 gektar bo‘lib, unda 4 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Ayni paytda bog‘da 20ta attraksion va 60ga yaqin xususiy tadbirkor faoliyat ko‘rsatmoqda.
Maqolada keltirilgan holatlar yuzasidan Buxoro viloyat madaniyat boshqarmasi va Buxoro shahar hokimligi mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi o‘rganishlari jarayonida bog‘ hududida kirib chiquvchi fuqarolar va yaqin atrofda yashovchi mahalliy aholi tomonidan ayrim joylarda chiqindilar noqonuniy tashlab ketilgani aniqlangan.
29-31 yanvar kunlari Buxoro shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi hamda ko‘ngilli ishchilardan iborat 20 nafardan ortiq ishchi va texnikalar jalb etilib, bog‘ hududi chiqindilardan tozalandi.
Kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun 29 yanvar kuni «Somoniylar» istirohat bog‘i hamda «Maxsusavtoxo‘jalik» MChJ o‘rtasida chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 15-sonli shartnoma imzolangan.
Bog‘ga kirish darvozasi oldida yangidan peshlavha o‘rnatilgan va bog‘ hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga attraksionlar hamda unga tutash hududlarni obodonlashtirib, toza tutish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilgan.
Shuningdek, madaniy meros obektlari peshlavhalaridagi yozuvlar holati bo‘yicha ham joyida o‘rganish o‘tkazilgan.
Buxoro viloyatida jami 660ta madaniy meros obekti (majmualar ichidagi binolar bilan hisoblaganda jami 777ta) mavjud bo‘lib, shundan 231tasi arxeologiya obekti, 239tasi arxitektura yodgorligi, 18ta monumental san'at asari, 17ta arxitektura ansambli, 24ta diqqatga sazovor joy, 5ta bog‘, 126ta qadimiy hovlini tashkil etadi.
Hozirgi kunda madaniy meros obektlarining 230tasiga peshtaxtalar o‘rnatilgan. Yana 430ta obektga peshtaxtalar o‘rnatish ishlari boshlangan. Bugungi madaniy meros obektlarida o‘rnatilgan 182ta peshlavha uzoq yillar davomida tabiiy sharoit tufayli ta'mirtalab holga kelib qolgani aniqlangan.
Shunga ko‘ra, Buxoro shahar hokimligi mablag‘lari hisobidan Buxoro shahrida joylashgan asosiy sayyohlik yo‘nalishlarga kiritilgan sayyohlarni jalb qilish jihatidan yuqori salohiyatga ega bo‘lgan 120ta madaniy meros obektlariga yangidan yagona tasdiqlangan namuna asosida peshlavhalar tayyorlangan va o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan 2018 yil 21 aprelda tasdiqlangan sayyohlarni jalb qilish yuzasidan nisbatan yuqori salohiyatga ega bo‘lgan moddiy madaniy meros obektlari va ziyoratgohlarda birinchi navbatda amalga oshiriladigan ishlarning tarmoq jadvali ishlab chiqilgan bo‘lib, bunga muvofiq «Talipoch» qal'a darvozasi 2022 yilda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan mukammal ta'mirlash rejalashtirilgan.
Buxoro viloyat hokimligi ko‘rsatmasi bilan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan Buxoro shahar «Somoniylar» istirohat bog‘i hududida joylashgan XVI asrga mansub «Talipoch» qal'a darvozasi yozuvlaridagi kamchilik joyida bartaraf etildi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha to‘plangan materiallar kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas'ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun viloyat madaniyat boshqarmasining 2018 yil 1 fevraldagi 01-076 hamda 01-077-sonli xatlari asosida viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Kun.uz tahririyati qadim tarixiy va me'moriy obidalari bilan sayyohlarni o‘ziga mahliyo etgan Buxoroda kelgusida bu kabi jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligiga ishonch bildiradi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024
2025 yilda Rossiya shahrida Buxoro madaniyati kunlari o‘tkaziladi
17:27 / 30.11.2024