Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud. Tibbiyot xodimlari tinglandi
Joriy yilning 21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlangandi. Sud majlisining dastlabki kunida sudlanuvchilar so‘roq qilingan, keyingi majlisda guvohlar tinglangandi.
Bugun, 4 fevral kuni ushbu ish yuzasidan davom etayotgan sud jarayonining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sud majlisida voqea jarayonida davlat sud eksperti Shuxrat Rajabov va klinik ordinator, tez yordam shifokori Ro‘ziqul Sherbo‘tayev guvoh sifatida tinglangan.
«9 avgust kuni Mirobod tuman katta tergovchisi Umarov tomonidan chiqarilgan qaror asosida Kenjayevning murdasida tekshiruv o‘tkazganman. Tekshiruvga ko‘ra, tashqi tomondan Kenjayevning tanasida uzunligi 1 sm, ko‘krak qafasi old yuzasi qo‘ltiq osti qovurg‘asi ostida tanaga nisbatan ko‘ndalang yo‘nalgan sanchib kesilgan yara bor edi. Ikkinchi yara ko‘krak qafasi old yuzasi o‘ng tomonda qo‘ltiq osti old chizig‘i bo‘ylab 10-qovurg‘a ostida tanaga nisbatan ko‘ndalang joylashgan o‘lchamlari 4,5ga 1 santimetrlik jarohat choklari tikilgan. Boshqa yaralar dumba sohasida chuqurligi 4-5 santimetrni tashkil etgan. Boshning o‘ng chakka, tepa, ensa sohalarida jami 6ta yara mavjud bo‘lgan. Chap qo‘l, tirnoq, barmoq ichki va tashqi qismida analogik yaralar mavjud. Qovoq sohasida va o‘ng yelka bo‘g‘inida qontalashlar qayd etilgan.
O‘limga sababchi bo‘lgan jarohat - qorin devorini teshib o‘tib jigar, ichaklar va pastki vena shikastlanishiga sabab bo‘lgan sanchib kesilgan yarasi sabab gemalogik shok, ichki va tashqi qon ketishlaridan yuz bergan.
Kenjayevning qonida alkogol aniqlangan. Uning darajasi tirik odamlarda o‘rta darajadagi mastlik holatiga to‘g‘ri keladi. Bu darajada odam o‘zini boshqara oladi. Holatni yanada aniqlashtirish uchun komissiyaviy tarkibda ekpertiza maqsadga muvofiq», degan mutaxassis.
Shundan so‘ng, sud ekspertiga sud majlisida savollar berib o‘tilgan. Marhum qiynalib o‘lgan yoki o‘lmagani borasidagi fikri so‘ralganida, «qiynalib o‘lgan» deya javob berdi.
«Shahar tez-tibbiy yordam bo‘limida ko‘chma brigada shifokori bo‘lib ishlaganman. Bizga soat 00:48 larda signal bo‘lganidan so‘ng voqea joyiga yetib bordik. Taxminan 8-9 daqiqada bordik. Borganimizda o‘rta yoshli shaxs chalqancha yotgan, qonga belangan, jarohatlar olgan holatda aniqlandi. Birinchi yordam ko‘rsatishga kirishdik. Kerakli muolajalar qilindi. Yonimda feldsherim bor edi. Yaqin hududdagi 7-shahar klinik shifoxonasi xirurgiya bo‘limiga zudlik bilan olindi.
Borganimizda bemorning boshiga yostiq qo‘yilgan edi. Qon ketish alomatlari kuzatildi. Bemor hushsiz, ahvoli og‘ir edi. Qon bosimi juda past chiqdi. Qon bosimini ko‘taruvchi va qon to‘xtatuvchi vositalardan foydalandik. Yo‘lda bemor judayam qattiq og‘riq borligi haqida aytdi.
Jarohatlar soni ko‘pligini hisob olib, tezroq olib borishni o‘yladik. Bemorning boshiga qo‘yilgan yostiq qonga belandi.
Hayotiy muhim ko‘rsatkichlarning yomon tarafga o‘zgarganini ko‘rish mumkin edi. Bemorni shifoxonaga yetkazib bordik. Bu mo‘jiza edi», deya ta'kidlab o‘tdi birinchi yordam ko‘rsatgan shifokor.
Bugungi sud majlisi so‘ngida jabrlanuvchi, bemorning turmush o‘rtog‘i sudga iltimosnoma kiritdi. Unga ko‘ra, ish hujjatlariga marhumning o‘limi bilan yakunlangan pichoqbozlik jarayoni aks etgan videoyozuvni qo‘shish so‘ralgandi. Shuningdek, jabrlanuvchi tomon ayblanuvchilar sifatida 4 kishi emas, 11 kishini ko‘rishni istayotganini, marhum bir farzandi va otasining boquvchisi bo‘lganini inobatga olib, ma'naviy va moddiy zararni qoplash so‘ralgan.
Sud jabrlanuvchining iltimosnomasini qisman qanoatlantirdi. Videotasvir tushirilgan disk ish hujjatlariga qo‘shib ko‘rib chiqilishi aytildi. Zararni qoplash masalasi sud hukmiga binoan amalga oshirilishi tushuntirildi.
Mavzuga oid
16:19
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024