«O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirmoqchimiz». «Buyuk kelajak» ekspertlari bilan intervyu
5-6 fevral kunlari Toshkentda «O‘zbekiston-2035» Ikkinchi xalqaro forumi tashkil etildi. Ikki kun davomida «Buyuk Kelajak» XNNT ekspertlari 2035 yilga qadar O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi loyihasi uchun o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlarni namoyish etishdi. Kun.uz muxbiri ushbu kengashning a'zolari bilan suhbat qurib, ularning rejalari va faoliyatlari haqida so‘radi.
«Buyuk kelajak» ekspertlari kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan, xorijda professional muvaffaqiyatlarga erishgan mutaxassislar bo‘lib, ular kengash orqali kelgusi 16 yil ichida mamlakat taraqqiyoti haqidagi o‘z fikrlari bilan bo‘lishishadi va yangi strategik rejalarni ishlab chiqishadi.
Umid Mamadaminov, AQShdagi Oregon texnologiya instituti bitiruvchisi, Amerikaning energetika-arxitektura sohasidagi eng yirik kompaniyalaridan biri STANTEC'ning sobiq xodimi:
«Men o‘tgan yili «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashiga a'zo bo‘lgandim. Biz o‘zimizning sohadagi yangi g‘oyalarni O‘zbekistondan tatbiq qilishni boshladik. Mazkur tashkilot tashabbusi orqali 2018 yilda bo‘lib o‘tgan forumda mamlakatdagi bo‘layotgan katta islohotlarni ko‘rib, yurtimga qaytib, tadbirkorlik faoliyatimni boshlashga qaror qildim. Avvaliga, ishni boshlaganimizda to‘siqlar ham paydo bo‘ldi. Yuqorida islohotlar juda ham yaxshi ketayotgan bir mahalda quyi sohada ayrim muammoli masalalar vujudga keldi. Misol uchun, viloyatlarda zavod qurishga investitsiya kiritib, yer olmoqchi bo‘ganimizda joy olish bo‘yicha muammolar yuzaga keldi. Biroq tegishli organlar yordami bilan Jizzaxda qishloq xo‘jaliklari mahsulotlarini qayta ishlab, jahon bozoriga olib chiqish bo‘yicha o‘z faoliyatimizni boshladik. O‘tgan yili mart oyida har bir hududda bir-ikkitadan klaster tashkil etish bo‘yicha prezidentning qarori qabul qilindi. Endi biz shu tizimni joriy qilish uchun dukkakli mahsulotlar klasterini tashkil qilib, O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish niyatidamiz. 2019 yilda yanvar oyida 30 ming tonnali dukkak mahsulotlarini qayta ishlaydigan zamonaviy zavodimiz ishga tushdi. Endi bu zavodni xomashyo bilan ta'minlash uchun mahsulotni ekishga yer olmoqdamiz. Reja bo‘yicha, eng kamida 15 ming gektar maydonga ekin ekishimiz kerak va bu mahsulotlar 100 foizi xorijga, ya'ni AQSh, Yevropa, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlariga eksport qilinadi».
Aziz Karimov, CIMMYT markazining Turkiyadagi boshqarmasi mutaxassisi, O‘zbekistondagi bir qancha loyihalar koordinatori:
«Buyuk kelajak»ning bir yil ichida amalga oshirgan ishlari tahsinga loyiq. Sababi, bu yerda eng asosiy omil - vaqt, barcha mutaxassislar o‘z ishlari, loyihalari bilan band. Shu sababli, tashkilot dunyoning turli burchaklarida yashab, faoliyat olib boradigan o‘zbeklarni bir yerda to‘plab, katta loyihalarni amalga oshirayotgani kishini quvontiradi. Biz boshida olgan tajribalar hozirda katta maqsadlarni amalga oshirishda qo‘l kelmoqda. Men Qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik yo‘nalishida ish olib boraman. Mazkur sohada so‘nggi ikki yil ichida sezilarli darajada o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu esa qishloq xo‘jaligi va shunga yaqin sohalarda ishlovchi ekspertlar zimmasiga mas'uliyat yuklaydi, biz mana shu o‘zgarishlarni to‘g‘ri tahlil qila olib, kelajakni odindan yaxshi ko‘ra olishimiz kerak. Forumda xo‘jalikka kirib kelayotgan yangi yo‘nalishlardan biri - klaster tizimi bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar, kamchiliklar, yechimlar haqida suhbatlashamiz».
Nasiba Sharipova, Londondagi PwC kompaniyasining konsalting xizmatlari bo‘yicha bosh menejyeri:
«Men Angliyadagi korxonaning O‘zbekistondagi filialini rivojlantirish uchun uchib keldim. Hozirda katta islohotlar bo‘layotgani sababli bizning konsalting xizmatlarimizga bo‘lgan talab ham ortadi. Shu sababli, hozirda mijozlar fikrini o‘rganib, o‘z xizmatlarimizni taqdim etish niyatidamiz. «Buyuk kelajak»da turli soha vakillari bilan tanishib, ular bilan fikr almashishning o‘zi qiziq. Ekspertlar dunyoning turli davlatlaridan o‘sha davlat standartlari bo‘yicha rivojlanib kelishgan va bu O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasiga o‘z hissasini qo‘shadi. Ular albatta, imkoniyat, sharoit bo‘lsa O‘zbekistonga qaytishmoqchi. Bu yerda mablag‘ masalasi ham juda muhim. Sababi, endi ular talaba emas, ko‘plab ekspertlarning oilasi, farzandlari mavjud. Biroq eng katta sabab - rivojlana olishiga ko‘zi yetishidir. Agarda mutaxassis sifatida rivojlanishga ishonilsa, imkoniyat ko‘p. Biz bu kabi imkoniyatlarni boshqa davlatdan topa olmasligimiz mumkin. Men o‘z kompaniyam bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyodagi filiallarimizda hamyurtlarimizga konsalting xizmatlari bo‘yicha yordam berishga tayyorman».
Mavzuga oid
13:52 / 21.12.2024
O‘zbekiston eksportida xususiy sektor ulushi 60 foizga yetkaziladi
12:56 / 19.12.2024
AQSh O‘zbekiston za’faroni eksporti uchun berilgan ruxsatnoma muddatini uzaytirdi
20:50 / 17.12.2024
O‘zbekistonning 18 tonna zararli pomidori Rossiya bozoriga kiritilmadi
18:11 / 12.12.2024