O‘zbekiston | 14:55 / 08.02.2019
37021
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabdagi kasbiy ta'lim o‘zini oqlamayapti - vazir o‘rinbosari​

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri birinchi o‘rinbosari, kasb-hunar ta'limi markazi direktori Murodilla​ Xolmuhammedovning ta'kidlashicha, ta'lim muassasasida moddiy-texnik baza har qancha yangilanmasin, eng so‘nggi texnologiyalar olib kelinmasin, uni yetkazib bera oluvchi kalit o‘qituvchining qo‘lida bo‘ladi.​

Vazir o‘rinbosari Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘qituvchining yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishi va o‘quvchilarga yetkazib bera olishi masalasiga to‘xtalib o‘tdi. 

 «Afsuski, kadrlar talabga to‘la javob bermaydi. Kasb-hunar ta'limi jarayoniga aloqador bo‘lgan barcha shaxslarning ─ direktordan tortib ruhshunosgacha malakasini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda», —​ deydi u.

Shu o‘rinda Xolmuhammedov kasb-hunar ta'limi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha davlat rahbarining qarori kutilayotganini bildirdi.

O‘rta ta'limni 10-, 11-sinfda o‘qiyotgan yoshlar haftaning muayyan kunida kasbiy ta'lim bilan ham shug‘ullanyapti. Vazir o‘rinbosarining aytishicha, 10-sinf ta'limini joriy qilishda yil davomida 408 soat kasbiy ta'limni o‘qitish ham kiritilgan edi. Lekin soatning kamligi bois bu o‘zini oqlamayapti. 

«Bu qayta ko‘rib chiqilmoqda. Akademik ta'lim yo‘lidan bormaydigan, o‘zini mehnat bozoriga bag‘ishlamoqchi bo‘lganlarda ham yetarlicha professionallik bo‘lishini ta'minlovchi o‘quv dasturi ko‘rib chiqiladi.

9-sinfdan keyin tanlash imkoniyati o‘quvchida bo‘lishi kerak. Hatto fanlarni ham. Kelajakdagi karerasidan kelib chiqqan holda u muayyan fanlarga yo‘naltiriladi. Aqliy imkoniyatni, qiziqishni ham inobatga olish kerak bo‘ladi. Ularning o‘quv dasturlari shunga moslashtiriladi», —​ deydi u. 

Intervyuni to‘liq shaklda video formatda tomosha qilishingiz mumkin. 

Video: Tas-IX

Video: Youtube

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.

Mavzuga oid