O‘zbekiston | 14:14 / 09.02.2019
47686
4 daqiqa o‘qiladi

Ishchining roziligisiz ish haqidan ushlab qolish mumkinmi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 164-moddasidagi umumiy qoidaga ko‘ra, xodimning yozma ravishda roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkinligi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish uchun xodimning roziligidan qat'iy nazar, mehnat haqidan ushlab qolinishi belgilangan qonun talabi ko‘rsatilgan.  Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan 2001 yil 15 mayda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan «Idora va tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlaridan kommunal xizmatlar uchun haqni ish haqidan ushlab qolish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga muvofiq, ishchining maoshidan uning roziligisiz boshqa to‘lovlar uchun pul ushlab qolish mumkin emas.

Sirdaryo tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Turg‘un Xudoyberdiyev ma'lumotiga ko‘ra, tumandagi 22-son MTM mudiri M.Ayturayeva tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi bosh hisobchisi A.Abdusalomov bilan mehnat qonunchiligi talablarini buzib, xodimlarining ish haqidan turli ushlanmalar ushlanishiga yo‘l qo‘ygan.

«Sirdaryo tuman adliya bo‘limiga Sirdaryo shahar, Turkiston ko‘chasi 175-uyda yashovchi fuqaro Odilova Mahmudadan murojaat kelib tushdi. Murojaatda fuqaro M.Odilova Sirdaryo tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga qarashli 22-son MTMda oshpaz bo‘lib ishlovchi kelini Matlyuba Odilovaning mukofot pulini olmaganligini hamda tuman MTB xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganilganda, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga qarashli 22-son maktabgacha ta'lim muassasasida oshpaz bo‘lib ishlovchi M.Odilovaga 2018 yilning noyabr oyi uchun ish haqi bilan birgalikda 22-son MTM mudiri M.Ayturayevaning 2018 yil 16 noyabrdagi 26-son «Rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi buyrug‘iga asosan 200 ming so‘m pul mukofoti bilan jami 732 440 so‘m pul mablag‘i berilishi lozim bo‘lgan. 

Lekin M.Ayto‘rayeva va tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi bosh hisobchisi A.Abdusalomov 22-son MTM mudiri nomiga umumiy ishlovchi xodimlar familiyasi ko‘rsatilgan, lekin yili, oyi ko‘rsatilmagan tilxat orqali M.Odilovadan 20 ming so‘mni elektr tokidan foydalanganligi uchun deb elektr tarmoqlari korxonasiga, 20 ming 500 so‘mni Qizil Yarim Oy jamiyati hisob raqamiga o‘tkazib berishgan», — deyiladi axborotda.

Xuddi shunday, birgina 2018 yil noyabr oyida 22-son MTMda ishlovchi 16 nafar ishchi-xodimlarning ish haqlaridan 210 ming so‘mni gazdan foydalanganligi uchun deb tuman gaz ta'minoti korxonasining, 165 ming so‘mni elektr tokidan foydalanganligi uchun deb elektr tarmoqlari korxonasining, 300 ming so‘mni Qizil Yarim Oy jamiyatining hisob-raqamlariga o‘tkazib berilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. 

«O‘rganish natijalariga ko‘ra, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi bosh hisobchisi A.Abdusalomov va 22-son MTM mudirasi M.Ayto‘rayevalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy javobgarlik masalasini ko‘rishlik uchun tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga taklif kiritildi», — deyiladi tuman adliya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz Qorqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi maktab o‘qituvchilarning maoshidan 500 ming so‘mdan ushlab qolinganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid