Jahon | 22:54 / 12.02.2019
41219
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘on urushi afsonasi “qora mayor” vafot etdi

Qozog‘istonda afg‘on urushi faxriysi, “qora mayor” degan laqab olgan Boris Kerimbayev hayotdan ko‘z yumdi. Faxriy 71 yoshda bo‘lgan. Qozog‘iston mudofaa vazirligida ma'lum qilinishicha, iste'fodagi polkovnik uzoq davom etgan kasallikdan keyin vafot etgan.   

Kerimbayev 1948 yilda Qozog‘iston SSRda tug‘ilgan. U “qora mayor” laqabini Afg‘onistonda ikkinchi “musulmon” bataloni komandiri bo‘lganda olgan.

1982 yil mayida Kerimbayev otryadi Panjsher darasini egallab olgan va uni deyarli bir yil davomida ushlab turgan. Bu dara orqali sobiq ittifoqdan Afg‘onistonga harbiy va fuqarolik maqsadidagi yuklar yetkazilgan strategik trassa o‘tgan. Darani Ahmad Shoh Mas'ud armiyasi kuchlaridan bir oy himoyalab turish kerak bo‘lgan. “Qora mayor”da 500 kishi, raqibda esa bir necha barobar ko‘proq kuch bo‘lgan. Kuchlar orasidagi tafovut kattaligiga qaramasdan, Kerimbayev dushmanga qarshi partizan urushi olib borishga qaror qilgan. U jangovar yo‘qotishlari eng kam bo‘lgan komandirlardan birinchisi bo‘lgan. Ahmad Shoh Mas'ud Kerimbayevning “kallasi” uchun million dollar va'da qilgan, biroq “qora mayor”ni mag‘lub eta olmagan. Oxir-oqibat Mas'ud 40-armiya qo‘mondonligi bilan vaqtinchalik yarashuv sulhi tuzishga majbur bo‘lgan.

1992 yilda Kerimbayev Qozog‘iston qurolli kuchlaridan salomatligi sababli iste'foga chiqqan.  

“Men ertami-kech ketaman, bundan kafolatlanmaganman. O‘tirib, hech narsa qilmaslik va foyda keltirmaslik – bo‘sh joy bo‘lish, ma'nosiz hayot demakdir”, deb aytgan Kerimbayev.

“Qora mayor” bilan vidolashuv marosimi 14 fevralda Olmaotadagi Armiya uyida bo‘lib o‘tadi. 

Kerimbayevning hayoti haqida ko‘plab maqolalar va kitoblar yozilgan. 2017 yilda u haqida “177-otryad... Qapchag‘aydan Kobulgacha” deb nomlangan hujjatli film olingan.

Mavzuga oid