Sport | 17:03 / 13.02.2019
12211
3 daqiqa o‘qiladi

Ja'far Irismetov o‘rniga «Paxtakor»ga sport direktori tayinlandi

Ja'far Irismetov / Foto:  «Championat.asia»

«Paxtakor» futbol klubida Aziz Turg‘unboyev mojarosi yuzasidan 5 fevral kuni O‘FA tomonidan chiqarilgan qaror asosida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi klub rasmiy sayti.

Klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va xodimlar ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda futbolchilarning o‘tishi va maqomi borasida umumiy qoidalarga rioya etish, reglamentdagi ba'zi jihatlar xususida so‘z yuritilgan. Qatnashchilarga O‘FA va PFL reglamenti, qoidalariga amal ko‘rib ish tutish lozimligi yana bir bor eslatib o‘tilgan.

«Endilikda O‘FAning tartib intizom qo‘mitasi tomonidan 6 oyga diskvalifikatsiya qilingan Ja'far Irismetov o‘rniga sport direktori lavozimida «Paxtakor» texnik direktori Sobir Xodiyev faoliyat olib boradi.

«Paxtakor» futbol klubi hamisha O‘FA va PFL qoidalari, reglamentiga mos ish ko‘radi, ushbu tashkilotlar qarorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi», – deyiladi xabarda.

Sobir Xodiyev / Foto: «Paxtakor» FK

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta yarimhimoyachi Aziz Turg‘unboyev mojarosi yuzasidan O‘FA qarori qabul qilingan, unga asosan Irismetovdan tashqari, «Navbahor» tomondan vitse-prezident Shamshod Sarikov va bosh direktor Rusal Akromov yarim yilga, namanganliklar klubi sobiq bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov 1 yilga futboldan chetlatilgandi. Shuningdek, futbolchining o‘zi yozgi transfer oynasiga qadar diskvalifikatsiya qilingan.

Qaror to‘g‘risidagi O‘FA axborotiga ko‘ra, «Paxtakor» sport direktori Ja'far Irismetov o‘zi faoliyat olib borayotgan klub Aziz Turg‘unboyevning transferi masalasi yuzasidan «Navbahor»ga rasmiy chiqish qilmagan bo‘lsa-da, futbolchining o‘zi, jamoa murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov hamda futbol agentlari bilan bemalol ish olib boravergan.

«Ya'ni, Turg‘unboyevning «Navbahor» bilan shartnomasi yakuniga 6 oydan ko‘proq vaqt bo‘lsa-da, Irismetov reglamentga zid ravishda klubni rasmiy ogohlantirmay, u bilan aloqaga chiqavergan. Suhbat davomida Irismetov buni o‘zi tan oldi.

Shuningdek, Irismetov «Navbahor» bilan ikkinchi shartnomaga qo‘l qo‘ymaslik, bu reglamentning buzilishi bo‘lishi haqida Turg‘unboyevni to‘g‘ri ogohlantirgan. Biroq sport direktori sifatida o‘zi yuqoridagi xatoga yo‘l qo‘ygan, shuningdek, «Paxtakor» tarkibiga kelib qo‘shilmasa, futbolchini 2 yil futboldan chetlashtirib yuborish bilan qo‘rqitgan. Vaholanki, bu ishni u O‘FA orqali hal qilishi mumkin edi. Futbolchiga bo‘lgan bosim esa ortiqcha», – deyilgandi O‘FA bayonotida.

Mavzuga oid