O‘zbekiston | 22:40 / 14.02.2019
30177
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Moliya vaziri Bloomberg'ga yangi rejalar haqida gapirib berdi

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Bloomberg Daybreak: Europe ko‘rsatuviga bergan intervyusida O‘zbekistonning ilk yevrobondlari va obligatsiyalar haqida ma'lumot berdi. 

Qo‘chqorovga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonning ikkita tijorat banklari xalqaro moliya bozori ishtirokchisi sifatida faol harakatlarni boshlaydi. 

«Biz obligatsiyalarning joylashtirilishi istiqboldagi sarmoyadorlar uchun yaxshi yangilik, deb bilamiz. Bu esa bizning zimmamizga mas'uliyat yuklaydi», – deydi u.

Ko‘rsatuv boshlovchisi sarmoyadorlar ingliz tilida ma'lumotlar topishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini ta'kidladi. O‘zbekiston bu borada qanday ishni amalga oshirmoqchiligi haqida Qo‘chqorovdan so‘raldi. 

«Ayni paytda ko‘plab iqtisodiy ma'lumotlarni XVJ saytidan topish mumkin. Biz ular bilan hamkorlikda ishlaymiz. Bundan tashqari, ayrim ma'lumotlar ingliz tiliga o‘girilmoqda. Moliya vazirligi, Markaziy Bank va boshqa qator mutasaddi tashkilotlarning ma'lumotlari ingliz tilida ham e'lon qilinishi yo‘lga qo‘yiladi», – deya ta'kidlagan vazir. 

Eslatib o‘tamiz, 13 fevral kuni O‘zbekiston moliyaviy tarixida yorqin sanalardan biriga aylandi. Negaki O‘zbekiston mustaqil tarixida birinchi marta 5 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni 4,75 foizdan, 10 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni esa 5,375 foizdan joylashtirdi.

Mavzuga oid