Qarshidagi istirohat bog‘i mojarosi. Milliy bank munosabat bildirdi, Bosh prokuratura vaziyatni nazoratga oldi
O‘zmilliybank Kun.uz saytida e'lon qilingan «Tadbirkorlar mojarosi. Qashqadaryoda prezidentga ko‘rsatilgan loyiha nega oxirigacha yetkazilmay qolmoqda?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.
Maqolada milliardlab kredit olgan tadbirkor Qarshi shahrida istirohat bog‘i qurishni oxiriga yetkazishida sun'iy to‘siqlar paydo bo‘lganidan shikoyat qilgan, prezidentga taqdim qilingan mazkur loyiha maydonining bir qismi ayrim mansabdor shaxslar tomonidan olib qo‘yilayotgani bayon etilgandi.
Qarshi shahri hokimi Jamshid Fozilov o‘z izohida bu loyiha prezidentga Milliybank tomonidan taqdim etilgani haqida gapirgandi.
«Sud qarori bilan avtoturargoh maydoni «Texnomash» MChJga berilgan. Loyiha o‘sha vaqtda prezidentga ko‘rsatilgan. Ularning tashabbusi bilan bo‘lgan. Agar prokuratura protest keltirib, sud qarori asosida bekor qilsa, mening qarorim ham bekor bo‘ladi. Loyihani Shavkat Mirziyoyevga Milliy bank taqdim etgan. Ko‘rsatishdan avval shahar hokimligidan so‘ramagan. Loyiha bankning krediti evaziga bo‘lgan. Dalolatnomalardagi tafovutga to‘xtalsak, o‘sha vaqtda Milliy bank raisi kelgan vaqtda bir kunda tezlashtirib qilingan ish edi. Qaror osti hujjatining haqiqiysini keyinroq taqdim etganmiz», - deb tushuntirish bergandi shahar hokimi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki ham ushbu fikrlarga o‘z raddiyasini berib o‘tdi.
Unda ma'lum qilinishicha, hokim tomonidan keltirilgan vajlar haqiqatdan yiroqdir.
«Hukumat rahbari (Sh.Mirziyoyev)ning 2016 yil 15 sentyabrdagi 02-08-60-sonli topshirig‘iga asosan, viloyat hokimliklari hamda tegishli vazirlik, idoralar bilan birgalikda Ishchi guruh tashkil etilib, Respublikaning yirik shahar va tuman markazlarida tashabbuskorlarni aniqlab, istirohat bog‘larini ishga tushirish bo‘yicha Dastur ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.
Viloyat hokimligining Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan 2016 yil 29 oktyabrdagi 1-05/2200-sonli xatida, hokimlik tomonidan «ASINZA-BZ» MChJ loyihasi tavsiya qilinib, mazkur loyiha qo‘llab-quvvatlanishi va birgalikda amalga oshirilishi bildirilgan.
Hukumat rahbari tomonidan 2016 yil 11 noyabrda o‘tkazilgan (2016 yil 15 noyabrdagi 01-02-11-83-son bilan ro‘yxatga olingan) 1-sonli yig‘ilish bayoniga asosan, Respublikaning yirik shahar va tuman markazlarida madaniyat va istirohat bog‘larini ishga tushirish bo‘yicha manzilli Dastur tasdiqlangan.
Ushbu Dasturda Qarshi shahridagi A.Navoiy nomli istirohat bog‘ining 42,2 gektar maydonidan 6,0 gektar maydonida madaniyat va istirohat bog‘ini ishga tushirish belgilangan.
Bayonning 3-bandida hududiy hokimliklarga ikki hafta muddatda Dasturga kiritilgan madaniyat va istirohat bog‘lari uchun o‘rnatilgan tartibda yer ajratish yuzasidan tegishli qarorlarni qabul qilish vazifasi yuklatilgan.
2016 yil 28 noyabrda Qarshi shahar hokimining X-1576/11-sonli qarori bilan «ASINZA-BZ» MChJga madaniyat, dam olish va istirohat bog‘ini qurish hamda zamonaviy attraksionlarni o‘rnatish uchun A.Navoiy istirohat bog‘i hududidan shahar zaxirasi hisobiga olingan 5 gektar yer maydoni ajratilgan.
Bayonning 6-bandida tijorat banklariga Dasturdagi tashabbuskorlarning kredit arizalariga ko‘ra, uzoq muddatli, imtiyozli (yillik qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan foizlarda) kreditlar ajratilishini ta'minlash tavsiya etilgan.
Davlat rahbariga O‘zmilliybankka yuklatilgan vazifaning bajarilishi yuzasidan axborot berish maqsadida prezidentning 2017 yil 24-25 fevral kunlaridagi Qashqadaryo viloyatlariga tashriflari davomida viloyat va shahar hokimligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda davlat rahbariga taqdimot o‘tkazilgan.
«ASINZA-BZ» MChJning kredit arizasi va hujjatlar to‘plamini o‘rganib chiqib, tashabbuskorga zamonaviy attraksionlar harid qilish hamda qurilish va jihozlash ishlarini yakuniga yetkazish uchun bank tomonidan zarur kredit mablag‘lari ajratilgan.
Loyiha tashabbuskorining 2018 yil 4 yanvardagi 5-sonli xatiga asosan, davlat rahbariga taqdimot qilingan loyiha to‘liq ishga tushirilib, 40ta yangi ish o‘rinlari yaratilgani ma'lum qilingan», deyiladi bank izohida.
Bosh prokuraturaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur nizoli vaziyat to‘liq Bosh prokuratura nazoratiga olingan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Mavzuga oid
22:36 / 20.12.2024
Qashqadaryoda isitish tizimidagi ta’mirlashda salkam 1 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan MChJ aniqlandi
11:52 / 15.12.2024
Qashqadaryoda OTM hovlisida unashtirilgan qizini pichoqlagan yigitga hukm o‘qildi
16:27 / 11.12.2024
Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etiladi
16:33 / 04.12.2024