Sport | 14:22 / 14.02.2019
12187
3 daqiqa o‘qiladi

«Uxlamay chiqqan, hatto qayerdaligimni bilmasdim». Lopetegi yozdagi voqealarni yodga oldi

Foto: Getty Images/Angel Martinez

«Real»ning sobiq bosh murabbiyi Xulen Lopetegi BBC bilan suhbatda bo‘ldi. U oktabr oyida Madrid klubidan bo‘shatilganidan buyon matbuotda deyarli ko‘rinish bermagandi.

Suhbatda Lopetegi 2018 yil yozida bo‘lgan voqealar, xususan JCh-2018 arafasida Madrid klubi bosh murabbiyiga aylangani va buning ertasiga Ispaniya terma jamoasidan ishdan bo‘shatilganiga oid xotiralarini yodga oldi.

«Real» bilan kelishuvni bir oy sir saqlash imkonsiz edi, bu vijdonsizlik ham bo‘lardi. O‘shanda matbuot anjumani o‘tkazib, masalani yopish va diqqatni to‘la JChga qaratganimiz ma'qul ekaniga ishonchimiz komil edi.

Ispaniya tarkibida juda zo‘r futbolchilar yig‘ilgandi. Ularga «Real» bilan kelishib olganimni aytganimdan so‘ng uch haftalik tayyorgarlik doirasidagi eng yaxshi mashg‘ulotimizni o‘tkazgandik. Biz xursand edik, ammo yakunda prezident (Ispaniya futbol federatsiyasi prezidenti Luis Rubiales nazarda tutilmoqda – Tribuna) o‘sha qarorni qabul qildi. Bu men uchun juda qiyin damlar bo‘lgandi. Hech qachon unutmayman, chunki bu men uchun mutlaqo kutilmagan yangilik edi. Menga nisbatan adolatsizlik qilishdi, deb o‘ylardim.

Moskvadan Madridga besh soatda uchib bordim va «Bu – hayot» deyishdan boshqa so‘z aytmadim. Boshimdan o‘tgan bu tajriba juda achchiq edi, ammo sen vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga urinib ko‘rishing kerak», – dedi Lopetegi.

Murabbiy «Real»ning yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirilgan paytda ko‘z yoshlarini bazo‘r ushlab turgandi.

«Men uxlamagandim, qayerdaligimni ham bilmasdim. Bir kun oldin men Rossiyada edim – Jahon chempionatiga tayyorlanayotgandim, ertasiga esa yangi jamoa bilan «Santyago Bernabeu»da turardim.

Hammasi juda tez sodir bo‘ldi, hissiyotlarni jilovlab bo‘lmasdi. Jahon chempionatini tark etishimni so‘rashlari og‘ir botgandi. Men shu hissiyotlar bilan bu orzum yo‘lida qattiq ishlagandim. Men insonman, ba'zida tuyg‘ularni jilovlash imkonsiz bo‘lib qoladi», – deydi Lopetegi.

Mavzuga oid