Jahon | 20:49 / 19.02.2019
20629
4 daqiqa o‘qiladi

Titanlar o‘limi. Airbus nima uchun A380 samolyotlarini ishlab chiqarishni to‘xtatmoqda?

Foto: Reuters

Airbus aviakonserni 2021 yildan A380 modelini — 853 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladigan dunyodagi eng katta fuqaro samolyotini ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Aviatashuvchilar tomonidan mazkur samolyotga bo‘lgan talabning pasayishi va A380 samolyotlaridan eng ko‘p foydalanuvchi Emirates aviakompaniyasi buyurtmalarining qisqarishi ushbu qarorga kelinishiga sabab bo‘ldi.

«Bizda bajarilmagan buyurtmalar miqdori sezilarli ravishda ko‘p emas, shuning uchun ushbu modelni kelgusida ishlab chiqarishdan ma'ni yo‘q. Bu qayg‘uli xabar, ammo ishlab chiqarilgan samolyotlar samoda hali uzoq vaqt parvoz qiladi, biz esa texnik qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — dedi Airbus bosh direktori Tomas Enders. 

«Infomost» konsalting firmasi bosh direktori Boris Ribakning aytishicha, aviakompaniyalarga bitta ulkan A380da yo‘lovchi tashigandan ko‘ra uchta samolyotda reyslarni yo‘lga qo‘ygan yaxshi.Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilarga bitta gigant o‘rniga ikki-uchta kichikroq samolyot ishlab chiqargan foydaliroq.

To‘rt dvigatelli gigant laynerlar A380 va Boeing 747 okean uzra parvoz qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, aviakompaniyalarga kichik sig‘imdagi samolyotlarga nisbatan yo‘lovchi-kilometr tannarxini pasaytirishni ta'minlash maqsadida ishlab chiqarilgan. Avvalgi keng fyuzelyajli laynerlar, masalan 1990 yilda ilk parvozini amalga oshirgan McDonnell Douglas MD-11 uch dvigatelli edi.

«So‘ngra General Electric 90 kabi yangi avlod dvigatellari paydo bo‘ldi. Shunday dvigatellarning paydo bo‘lishi ikki dvigatelli katta samolyotlar ishlab chiqarish imkonini berdi. Hozirda yaxshi sotilayotgan A330 paydo bo‘ldi, Boeing esa dunyodagi eng katta ikki dvigatelli 777 modelini ishlab chiqardi», — deydi «Infomost» bosh direktori.

Zamonaviy Boeing 777 va 787 Dreamliner, Airbus A350 va A-330 nafaqat kam yonilg‘i sarflaydi, balki Airbus A380 yoki Boeing 747ga nisbatan xizmat ko‘rsatish ham arzon tushadi.  
«Dunyodagi eng katta A380 parkiga ega Emirates aviakompaniyasi boshqa aviakompaniyalar oldidagi ustunligidan to‘liq foydalanib Yevropa, Shtatlar va Osiyodagi transfer yo‘lovchilarni tortib olmoqda. U hatto kargo-bozorni ham o‘zgartirmoqda. Asosiy yuk tashish A-380 yukxonalarida amalga oshirilmoqda. Emirates birorta ham kargo-aviakompaniyasi taklif eta olmaydigan narxlarni taklif etish imkoniyatiga ega», — ta'kidlaydi Ribak.

Airbus A380 — keng fyuzelyajli to‘rt dvigatelli samolyot bo‘lib, u dunyodagi eng katta avialayner hisoblanadi (balandligi 24,08 metr, uzunligi 72,75 metr, qanotlari uzunligi 79,75 metr).  U to‘xtovsiz 15 400 kmgacha masofaga parvoz qilishi mumkin.

2018 yil noyabr holatiga ko‘ra, 15 aviakompaniya parkida 232 dona A380 avialayneri bo‘lib, ulardan 107tasi Emirates aviakompaniyasi tasarrufida.

Mavzuga oid