O‘zbekiston | 18:07 / 20.02.2019
9476
2 daqiqa o‘qiladi

Avvalgi davr uchun qo‘shimcha soliq hisoblashdan ozod bo‘lish sharti ma'lum qilindi

Tashkilotlar 2019 yil 1 aprelga qadar xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondini ixtiyoriy ravishda rasmiylashtirsa, avvalgi hisobot davrlarida xodimlar sonini yashirganlik uchun soliqlarni qo‘shimcha hisoblashdan ozod qilinadi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nosir Mavlonovning O‘zAga aytishicha, hududlarda olib borilayotgan pasportlashtirish jarayoni, profilaktik suhbatlar davomida 2019 yil 23 yanvardan 19 fevralga qadar 2 ming 934 korxonada qonuniy rasmiylashtirmasdan ish haqi to‘lab kelinayotgan 14 ming 127 nafar ishchi-xodim bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilgan.

«Ularning 1 ming 449 nafari savdo va umumiy ovqatlanish, 4 ming 734 nafari ishlab chiqarish, 6 ming 808 nafari qishloq xo‘jaligi, 1 ming 136 nafari qurilish korxonalari hisobiga to‘g‘ri keladi», – deydi u.

Soliq islohotlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida yalpi pasportlashtirish (ko‘zdan kechirish hamda so‘rov o‘tkazish) tadbirlari boshlangan.

Davlat soliq qo‘mitasining ta'kidlashicha, tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan hech qanday ma'muriy va moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi hamda mavjud tushunmovchiliklar va kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etiladi.

Mavzuga oid