O‘zbekiston | 11:18 / 20.02.2019
132562
7 daqiqa o‘qiladi

«Bular hali hammasi emas». Toshkentda topilgan xazinaning tarixi va keyingi taqdiri haqida

Joriy yil avvalida Kun.uz saytida Toshkent shahrida qadimiy xazina topilgani haqida xabar qilingandi. XIX asrda qurilgan imoratlardan birining yashirin yerto‘lasida qidiruv ishlari davomida topilgan xazina 80 yillar muqaddam yo‘qolgani, uning hozirgi qiymati 1 million dollardan ortiqligi aytilgandi.

Shundan so‘ng bu mavzu boshqa o‘nlab saytlarda ham yoritildi va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir xazinaning qiymati haqida aytsa, kimdir topilgan joyiga qiziqdi. Bunday topilmalar mavjudligiga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham bo‘ldi.

Kun.uz bu masalani yanada oydinlashtirish maqsadida O‘zbekiston milliy universiteti tarix muzeyida bo‘ldi. Sayt muxbiri muzey ilmiy xodimi Muhammadbobur Yusupov bilan suhbatlashdi.

− Men 3 yildirki, shu universitetda ish olib boraman. Arxiv, foto va video materiallarni to‘plab bordim. Yoshi ulug‘ olimlardan juda ko‘plab bilimlar oldim.

Ma'lumki, o‘tgan asrning 30-yillarida universitetimizda juda og‘ir kunlar bo‘lgan. Ziyolilar qatag‘on qilingan va bu 50-yillargacha davom etgan. Mana shu davrda universitet xodimlari juda katta xazina to‘plashgandi. Bular 1920 yilda Toshkentga kelgan afsonaviy poyezd, Turkiston sharqshunoslik instituti, Turkiston o‘qituvchilar seminariyasi, knyaz Romanov saroyi ashyolari va general Jo‘rabekning uy muzeyidan yo‘qolgan juda noyob kolleksiyalardir. Ustozlarimiz bu nodir buyumlarni oxirgi marta 1949 yilda ko‘rishgan.

O‘sha davrda bunday buyumlar mavjudligini aytish o‘lim bilan barobar bo‘lgan. Odatda bunday sirni bilganlar yoki o‘limga mahkum qilingan, yoki surgun qilingan. Xazina yo‘qolganini ko‘pchilik bilardi. Lekin shu vaqtga qadar hech kim ularni topolmay kelayotgandi. Biz ustozlarimizdan taxminiy joy haqida ma'lumot olib, qidirish ishlarini boshladik.

Izlanishlarimiz natijasida ikkita seyf topildi. Aslida 1958 yilda uchta seyf bo‘lgan. Bu seyflar 1857 yilda Moskvada ishlangan bo‘lib, 10 donadan ortiq oltin quyma g‘isht, rus podshohlarining qiymati 6 ming rubl miqdoridagi oltin tangalari, hamda 5 kilogrammdan ortiq sof platina va sof kumushdan ishlangan idishlar saqlangan. Bundan tashqari, bu binoda Turkiston sharqshunoslik institutining o‘ta noyob buyumlari ham to‘plangan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

− Qimmatbaho buyumlarning qancha qismi topilgan va kelajakda yana qanday buyumlar topilishi kutilmoqda?

− Hali topilmagan buyumlar haqida aniq ma'lumot berolmaymiz, lekin taxminimcha, biz topgan bu ashyolar yo‘qolgan xazinaning 1/10 qismi bo‘lsa kerak. Bu boshlang‘ich qadam. Biz marraga ham yaqin qoldik. Eng katta topilmalar binoning pastki qismida, yer ostida yotibdi. Bunga qadar yetib olish muammoli vaziyat va o‘ziga xos sharafli yo‘l hamdir. Ko‘plab tashkilotlar bizga takliflar bilan chiqishmoqda, biroq bizning universitet yuz yillik tarixga ega ekan, barcha yo‘nalishlarda o‘zining yetuk olimlariga ega. Shu bilan birga, bizda shu yo‘qolgan xazinaga guvoh bo‘lgan olimlar guruhi mavjud.

Ularning xavfsizligi uchun ismi-shariflarini ayta olmaymiz. Lekin, bu xazinani to‘liqligicha o‘rganib bo‘lgach, albatta matbuot anjumani o‘tkazmoqchimiz. Har bitta ashyoning o‘z mutaxassisi, yordam bergan olimlar, Fanlar Akademiyasidan, bizning universitetdan ishtirok etganlar haqida va boshqa eng aniq ma'lumotlarni ishning oxirida berganimiz ma'qul. Chunki, hozirgi kunda bu topilmalar miqdori ham, qiymati ham ortib bormoqda. Bugun aytgan qiymatlarimiz ertaga boshqacha bo‘lib chiqmoqda. Bu odamlarda ishonchsizlik uyg‘otishi mumkin. Yaxshisi, hozir kutamiz va to‘liq ma'lumotni oxirida beramiz.

− Turli muhokamalarga sabab bo‘lgan avvalgi maqolamizdagi buyumlar haqida nima deysiz?

− Bu ashyolarni o‘zim topganman. Bir necha marta bu topilmalarni noqonuniy o‘zlashtirishga urinishlar ham bo‘ldi. Ma'lum muddat universitet fondida saqlandi. Shundan so‘ng, prezidentimizning ko‘rsatmalari bilan eng ishonchli joyda saqlanmoqda. Ularning orasida XVI asrga tegishli tangalar ham mavjud. O‘rta asrlar yozuvlariga mansub oltin va kumush tangalar topilgani ham rost. Bundan tashqari, noyob kitoblarning bir qismi e'lon qilindi, xolos. Ularning soni biz o‘ylaganimizdan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Yoshi kattalar biladiki, o‘z davrida bizning universitet kutubxonasi boy salohiyatga ega bo‘lgan. Islom olamida mashhur alloma va avliyolarning noyob qo‘lyozmalari hozir o‘rganilmoqda.

− Bu topilmalarning keyingi taqdiri qanday bo‘lishi kutilmoqda? Bu masaladagi fikringiz qanday?

− Topilgan qimmatbaho metallar davlat zaxirasiga o‘tkazilgan, menimcha. San'at asarlari, universitet bilan bog‘liq noyob topilmalar bo‘yicha biz nimani xohlaymiz? O‘zbekiston milliy universiteti ishchi guruhi shuni istardiki, tarixiy muzeyimiz ochilish marosimida ushbu ashyolar o‘rin olsin. Bu ham universitetga, ham mamlakatimizga juda katta obro‘ bo‘lar edi. Chet ellik turistlar ham mamlakat ilm-ma'rifatini, uning tamaddunini ko‘rish istagida bo‘lsa, nafaqat muzeylarimizga, balki oliy ta'lim dargohlariga ham tashrif buyurishadi. Yevropada davlat muzeylari ham bor, xalqaro universitetlarning muzeylari ham ko‘p.

Ilmiy xodimning so‘zlarini tinglagandan so‘ng, universitet rahbariyatiga yuzlandik.

− Universitet xodimi Muhammadbobur Yusupovning qo‘lidagi topilmalar bo‘yicha maqola e'lon qilingan edi. Mana shu material asosida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh xulosalariga ko‘ra, bu topilmalar maxsus joyga topshirildi. Hozir shuni ma'lum qilishimiz mumkinki, bu topilmalarni arxeologlarimiz, tarixchi olimlarimiz o‘rganib tadqiq qilishmoqda. Qaysi davrga tegishli, qanday ma'lumotlar borligi o‘rganilmoqda. Bu jarayon davom etayotganini bildiradi», deydi universitet matbuot xizmati vakili Mahliyo Mirsoatova.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi

Mavzuga oid