O‘zbekiston | 18:42 / 21.02.2019
4914
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya, Ispaniya, Hindiston va O‘zbekiston Gidlar uyushmalari o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

21 fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan III Xalqaro gidlar forumida Fransiya rusiyzabon gidlar uyushmasi, Ispaniya milliy gidlar uyushmasi, Hindiston gidlar uyushmasi milliy federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi gidlar uyushmasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, hujjat Fransiya rusiyzabon gidlar uyushmasi prezidenti Garri Safaryan, Ispaniya milliy gidlar uyushmasi prezidenti Almudena Rodrigez, Hindiston gidlar uyushmasi milliy federatsiyasi vakili Narendra Singx va O‘zbekiston Respublikasi gidlar uyushmasi raisi Nargiza Salomova tomonidan imzolandi.

Ta'kidlash joizki, poytaxtda o‘tayotgan Xalqaro gidlar forumida turizm sohasining 250 dan ziyod mutaxassislari - gidlar, turoperatorlar, muzeyshunoslar, davlat idoralari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek respublika oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirok etishmoqda.

Xalqaro forum uch ishchi maydonda o‘tkazilmoqda:

·      "Ipak yo‘li" xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi;

·      "Gid laboratoriyasi: xalqaro va mahalliy ekspertlardan mahorat darslari";

·      "Ekspozitsion qism".

Xalqaro forum yakunida "O‘zbekiston - turizm mamlakati" fototanlovining uch nominatsiya (Tabiat. Me'morchilik merosi. Madaniyat va etnografiya) bo‘yicha g‘oliblari taqdirlanadi. Tanlovda gidlarning eng yaxshi suratlari ishtirok etadi.

Bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Akkulov 2019 yilning 20 fevralida O‘zbekiston Respublikasi gidlar uyushmasi tashkil etilgani haqida ma'lum qilgani haqida xabar berilgan edi. 

Mavzuga oid