Sport | 19:20 / 21.02.2019
42450
2 daqiqa o‘qiladi

«Humo» arenasi tayyor bo‘lmoqda. Bu yerda Navro‘z bayrami tantanalari o‘tkazilishi mumkin

Toshkentdagi «Humo arena» ko‘p funksiyali sport majmuasi shu yilning mart oyida ochilishi va unda Navro‘z bayrami tantanalari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Humo Arena» haqiqatan ham xalqaro standartlarga javob beradi. Bu yerda turli sport musobaqalarini o‘tkazish mumkin. Rahbarimiz (Prezident nazarda tutilmoqda - tahr.), nasib bo‘lsa, Navro‘z bayramini o‘sha yerda nishonlaymiz, deganlar. Arena shunday tadbirlar uchun ham mo‘ljallangan», – degan Dilmurod Nabiyev bugun vazirlikda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Majmuaning mart oyida foydalanishga topshirilishini hafta boshida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ham tasdiqlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi 9 gektar maydonda qurilish ishlari 2017 yilning fevralida boshlangan edi. Majmua o‘lchamlari 60×30 metr bo‘lgan ikkita - asosiy va mashq muz arenalaridan iborat bo‘lib, 4 qavatli bino umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni, balandligi esa 36 metrni tashkil etadi.

Muz saroyi 12,5 ming o‘tirish joylariga ega va konsert zali sifatida o‘n ming, sport musobaqalar o‘tkazish zali sifatida esa 14 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Asosiy binoda 300 o‘rinlik mashq arenasi ham loyihalashtirilgan.

Mavzuga oid