O‘zbekiston | 20:00 / 22.02.2019
104528
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatga chaqiruv vaqti o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, 2019 yildan chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega bo‘lmagan, joriy yil chaqiruv mobaynida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinadi.

Bundan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga muddatli harbiy xizmatga chaqirilish davrida chaqiruv yoshidagi fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Hujjatda aytilishicha, 2018 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini o‘tab bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari 2019 yilning mart-aprel oylarida rezervga bo‘shatilishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, shu vaqtgacha harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlari yilning fevral—mart oylarida o‘tkazib kelinardi.

Mavzuga oid