O‘zbekiston | 19:01 / 24.02.2019
8488
3 daqiqa o‘qiladi

“ROBO CODERS 2019” respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Bugun, 24 fevral kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “ROBO CODERS 2019” respublika tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Tanlov ishtirokchilari uchta yosh toifalari bo‘yicha taqsimlandi: 15-20 yoshgacha, 21-25 yoshgacha va 26-30 yoshgacha. Tanlovda ishtirok etish uchun yagona talab – avtomatlashtirilgan mashinalar uchun kodlarni yozish qobiliyati bo‘ldi. 

4 fevraldan boshlab butun respublikadan tanlovda 415 nafar yosh dasturchi ishtirok etdi va ulardan 50 nafari final bosqichiga o‘tdi.  

“Tanlovning yakuniy bosqichi birinchi bosqichdan topshiriqlarning murakkablik darajasi bilan farqlanadi, - deydi Mirzo Ulugbek Innovation Centre direktorining birinchi o‘rinbosari Orifjon Fayziyev. – Ishtirokchilarga mantiqiy hisoblash va algoritmlardan tashkil topgan robototexnikaga oid topshiriqlar berildi. Tizim to‘g‘ri javoblarni, algoritmlarning yagonaligini hamda topshiriqlar yechimi uchun sarflangan vaqtni avtomatik ravishda hisobladi. Bu g‘oliblarni aniqlash jarayoniga inson faktori ta'sirini bartaraf etdi”.

Har bir ishtirokchi berilgan topshirig‘iga muvofiq robototexnika (harakatlar, belgilangan funksiyalar va h.k.) prinsiplariga asoslangan o‘zining dasturiy kodini yaratdi.

Tanlov dasturi 9 ta sovrinli o‘rin va bir nechta rag‘batlantiruvchi nominatsiyalarni o‘z ichiga oldi.

To‘rt soatlik uzluksiz dasturlash bo‘yicha bellashuv natijasida tizim g‘oliblarni aniqladi.

Birinchi o‘rinlarni Saidjalol Hasanov (26-30 yosh toifasida), Sirojiddin Abdukarimov (21-25 yosh toifasida), Nazarbek Boltabayev (16-20 yosh toifasida) egalladi.

Ikkinchi o‘rin Sunatullo Hojiyev, Murodjon Davronov va Jamshid Qodirovga nasib etdi.

Uchinchi o‘rinni Nodirbek Sa'dullayev, Xurshid Jo‘rayev, Asadullo G‘aniyev egalladi.

Eng sodda algoritm rag‘batlantiruvchi nominatsiyasida Xudoyshukur Egamov, Xojamurod Murtozakulov, Isfandiyor Ismoilov g‘olib deb topildi. Yuldoshboy Sultonov, Islom Iskandarov, Alisher Razzoqberdiyev eng mohir dasturchi nominatsiyasida yutuqni qo‘lga kiritdi. 

“Eng yosh dasturchi” deb 17 yoshli Behruz A'zamov topildi. “Dasturchi qizlar” nominatsiyasida Anaxon Ismoilova va Mavluda Rahimquliyeva g‘olib bo‘ldi.

Barcha g‘oliblarga noutbuk, smartfon kabi qimmatbaho sovrinlar topshirildi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ko‘magida Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Centre” Innovatsiya markazi direksiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Tanlovning asosiy vazifalari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iste'dodli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etish va yoshlarning ishbilarmonlik faoliyatini rivojlantirishdan iborat.

Mavzuga oid