Jahon | 21:13 / 25.02.2019
4226
3 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi qurollanish ustidan nazorat bo‘yicha yangi choralar ishlab chiqish zarurligini aytdi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh davlatlarni kibertexnologiyalar rivojlanishi va gipertovushli raketalar ishlab chiqarilishini hisobga olgan holda qurollanish ustidan nazorat bo‘yicha yangi choralar ishlab chiqishga chaqirdi. U bu haqda Jyenevada boshlangan qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyaning qishki sessiyasida bildirdi.

"Qurollanish ustidan nazorat sohasida xalqaro arxitekturaning muhim unsurlari buzilmoqda. Kimyoviy qurollarni tegishli jazosiz qolgan holda qo‘llash ularning tarqalishiga olib keladi. Kichik qurollar va portlovchi qurilmalardan aholi maskanlarida noqonuniy foydalanish natijasida minglab insonlar halok bo‘lmoqda", - dedi u.

Uning fikricha, qurollanishning yangi texnologiyalari insonlar hali anglab yetmagan va tasavvur qila olmaydigan xatarlarni kuchaytiradi.

"Xalqaro xavfsizlikning hozirgi murakkab muhitida qurollanish ustidan nazoratga nisbatan yangicha nigoh zarur", - dedi Guterresh.

Guterreshning aytishicha, O‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomaning barbod bo‘lishi dunyoni yanada xavfli va beqaror joyga aylantiradi. "Xavfsizlik va barqarorlikning yo‘q bo‘lishi shu yerda, Yevropada keskin seziladi", - deya qayd etdi u.

U Rossiya va AQShni shartnoma uzil-kesil to‘xtatilishigacha bo‘lgan muddatdan barcha masalalar bo‘yicha ochiq muloqot qilish uchun foydalanishga chaqirdi.

"Bu shartnomani saqlab qolish juda muhim", - ta'kidladi BMT bosh kotibi.

Antoniu Guterresh shuningdek, Rossiya va AQShni Strategik hujum qurollarini qisqartirish va cheklash to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddatini 2021 yildan keyin ham uzaytirishga chaqirdi.

"Ushbu shartnoma ikkita yirik qurol ombori o‘lchamini cheklash bo‘yicha yagona xalqaro vosita hisoblanadi", - dedi u.

2 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomada ishtirok etishni to‘xtatishi haqida ma'lum qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya ham xuddi shu tarzda javob qaytarishini bildirdi.

Mavzuga oid