O‘zbekiston | 19:52 / 26.02.2019
5712
3 daqiqa o‘qiladi

Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi   

Foto: Loyiha boshqaruvi milliy agentligi

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda hamkorlik istiqbollari muhokama etilib, O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. LBMA matbuot xizmati bu haqida Kun.uz'ga xabar berdi. 

Foto: Loyiha boshqaruvi milliy agentligi

Tadbirda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi doirasida elektron hukumat (EH) va raqamli iqtisodiyot (RI) sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida konseptual masalalar hamda sa'y-harakatlarni birlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari, ularni o‘zaro bog‘lovchi ilm-fan va ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ishlar muhokama qilindi. Bunday yo‘nalishlar ham anchagina.  Bu esa birinchi navbatda elektron hukumat tizimini takomillashtirishga oid qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va ularda ishtirok etishdir.    

Shuningdek, TXVU ko‘ngilli talabalarini qo‘shma tadqiqotlar, tahliliy faoliyat olib borishga va eng muhimi mavjud ma'lumotlar bazalari asosida prognoz qilishga jalb etish hamda EH doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish uchun Markaz mutaxassislari, xalqaro ekspertlarining TXVU talabalari bilan uchrashuvlarini tashkil etish ham muhim vazifadir. 

Bundan tashqari, EH va RIni rivojlantirish sohasida universitet professor-o‘qituvchilarini jalb qilib,  treninglar hamda malaka oshirish kurslarini o‘tkazgan holda Markaz xodimlarining soft skills (ijtimoiy ko‘nikmalar)ini rivojlantirishni o‘z ichiga olgan joriy va kelgusidagi ehtiyojlarini inobatga olib, TXVU o‘quv dasturlarining o‘zaro bog‘liqligini ta'minlash kabi erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “aniq maqsadli” chora-tadbirlar ham muhokama etildi. O‘zaro izlanishlar, tahliliy ishlar va elektron hukumat yo‘nalishidagi islohotlar bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish uchun Markazning universitet xabidagi (amaliy iqtisodiyot laboratoriyasida) ishda ishtirok etishining istiqbolli va amaliy foydalari haqida suhbatlashishdi. 

Foto: Loyiha boshqaruvi milliy agentligi

Barcha takliflar Markaz va universitetning 2019 yildagi hamkorligi bo‘yicha Yo‘l xaritasiga kiritilishiga kelishib olindi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantarish sohasida ilmiy salohiyat, ta'lim va ishlab chiqarish simbiozining poydevori bo‘lishi kutilgan O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi direktori Ruslan Sultonov va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti prorektori Bahrom Mirqosimov tomonidan imzolandi. 

Mavzuga oid