O‘zbekiston | 16:47 / 27.02.2019
8303
3 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Ro‘ziqulov ASEAN bosh kotibiga ishonch yorlig‘ini topshirdi

Foto: O‘zbekistonning Jakartadagi elchixonasi

2019 yilning 27 fevralida Jakarta shahrida O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasi (ASEAN) bosh kotibi Dato Lim Jok Xoyga ishonch yorlig‘ini topshirdi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekistonning Jakartadagi elchixonasidan xabar berishdi.

Uchrashuv davomida bosh kotib O‘zbekistonning kompleks rivojlanish jarayonini qiziqish bilan kuzatib borayotganligini ta'kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Shu jumladan, mamlakatning turli xalqaro reytinglarga kirishi, investitsiyalar va tashqi savdoni o‘sishi xamda, jahon hamjamiyati, xususan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganligi bunga misol bo‘la oladi.

Dato Lim Jok Xoy 19-20 fevral kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Vladimir Norovning Jakartaga qilgan tashrifini alohida ta'kidlab o‘tdi. Unda ASEAN va ShHT o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, ushbu tashkilotga a'zo mamlakatlarning o‘zaro munosabatlarini yanada mustahkamlash to‘g‘risida muzokaralar olib bordilar. 

O‘zbekiston va ASEAN tashkilotining hamkorligi va mavjud xalqaro tashabbuslarni hisobga olgan holda, bosh kotib O‘zbekistonning uyushmaga a'zo mamlakatlar bilan transport, savdo va investitsion aloqalarini kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi. Shuningdek, bu jarayon O‘zbekiston ASeAN o‘rtasida o‘zaro savdo-sotiq ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi.

Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan 10 davlat (Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kambodja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand, Filippin)ning mintaqaviy hukumatlararo tashkiloti bo‘lib, 1967 yil 8 avgustda Bangkokda "Bangkok deklaratsiyasi"ni imzolash orqali tashkil etilgan. 2018 yil yakunida tashkilotga a'zo davlatlarning aholisi 651 million kishidan oshdi, YaIM 3 trillion dollardan, tashqi savdo aylanmasi esa 2,3 trillion dollardan oshgan.

Mavzuga oid