O‘zbekiston | 12:10 / 28.02.2019
25073
3 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar sun'iy ekstrakorporal urug‘lantirish masalasida qaror qildi

28 fevral kuni o‘z ishini boshlagan Senatning yalpi majlis yig‘ilishida «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonunini ma'qullandi.

Yalpi majlisda ishtirok etayotgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, aholi reproduktiv salomatligini yaxshilashning asosiy g‘oyasi erkaklar va ayollar bepushtligining oldini olish va davolash tizimini qonunchilik darajasida mustahkamlashdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining bildirishicha, oxirgi yillarda ajralishlarning 4,7 foizi juftliklar bepushtligi oqibatida ro‘y bergan. 

O‘zbekistonda o‘tkazilgan turli tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, birlamchi bepushtlikka chalingan ayollar barcha turmush qurganlarning umumiy soniga nisbatan 4,9 foizdan 5,3 foizgacha tashkil etadi. Bu raqamlar O‘zbekistonda oilalarni saqlash maqsadida yordamchi reproduktiv texnologiyalarni joriy etishning muhimligi va zarurligini yaqqol ko‘rsatadi.

Qonunda EKO, ya'ni sun'iy ekstrakorporal urug‘lantirish masalasiga alohida urg‘u berilgan. Senat yig‘ilishida ma'ruza qilgan senatorning aytishicha, EKO faqat rasmiy nikohda yashayotgan er-xotin uchun ruxsat berilishi nazarda tutilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq axborotni sir saqlashi shart, deb belgilab qo‘yilmoqda

«Fuqarolar o‘z reproduktiv salomatligini saqlashda o‘zining reproduktiv salomatligi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq axborot olish, tug‘ilishni tartibga solishning xavfsiz usullaridan va kontratsepsiyadan foydalanish, yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish kabi qator huquqlarga ega.

Shu o‘rinda alohida ta'kidlash joizki, yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq axborotni sir saqlashi shart deb belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, Qonunda ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash va ona bo‘lish huquqi, erkaklarning hamda voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash masalalari batafsil ochib berilgan», - deydi senator Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

Mavzuga oid