Fan-texnika | 10:14 / 28.02.2019
4856
2 daqiqa o‘qiladi

«Yandeks» O‘zbekistonda serverlar joylashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda

Foto: mitc.uz

27 fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Rossiyaning «Yandeks» kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O. Umarov kompaniyaning IT sanoati hamda zamonaviy internet servislar va yechimlar ishlanmalari sohasidagi ko‘p yillik ish tajribasini alohida e'tirof etdi.

«Yandeks» kompaniyasi vakillari kelgusida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston bozorida «Yandeks»ning internet servislarini mahalliylashtirish, servislardan yaxshiroq foydalanish uchun CDN-serverlarni joylashtirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Ta'lim va malaka oshirish sohasidagi hamkorlik, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan IT sohasidagi ta'lim dasturlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar natijalariga ko‘ra, 2019-2020 yillarda hamkorlikni jadallashtirish yuzasidan «Yo‘l xaritasi»ni yaqin vaqt ichida birgalikda ishlab chiqish kelishib olindi.

Mavzuga oid