Jamiyat | 23:34 / 01.03.2019
44187
3 daqiqa o‘qiladi

Tungi klubda JIDU talabalari ishtirokida ro‘y bergan pichoqbozlikda 3 kishi jarohatlandi

24 fevral kuni soat 23:30 atrofida Toshkentning Yunusobod tumani Yangishahar ko‘chasida joylashgan «Tet-a-tet» tungi klubida mushtlashuv va pichoqbozlik yuz bergan, hodisa oqibatida uch kishi tan jarohati olgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga tasdiqlashicha, ushbu pichoqbozlik Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ishtirokida ro‘y bergan.

Mojaroda jami 13 kishi bo‘lgan, ularning kamida to‘qqiz nafari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bo‘lib, ularning besh nafari bevosita nizoda qatnashgan.

Ma'lum qilinishicha, tungi klubga do‘stlari bilan kelgan D.A va tungi klubning boshqa mijozi M.T o‘rtasida mojaro kelib chiqadi. Janjalga avvaliga D.A.ning sherigi J.T, keyin M.Tning sheriklari aralashadi, shu vaqtda D.A yonidan oshxona pichog‘i chiqarib, dastlab M.T.ning kurak qismiga pichoq uradi, keyin uning sheriklari bo‘lgan N.N va A.T.ga pichoq bilan tan jarohati yetkazadi.

Holat yuzasidan 25 fevral kuni Yunusobod tumani IIB FMB huzuridagi TB tomonidan Diplomatiya universiteti talabalarini pichoqlagan D.A. va uning jinoiy sherigi J.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi «ye,k» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

26 fevral kuni jinoyat ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi «ye,k» bandi bilan D.A. va J.T.ga ayb e'lon qilinib, shu kunda qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.

Hozircha mojaro ishtirokchilarining shaxsiga oid aniq ma'lumotlar berilmadi.

JIDU rahbariyati mojaro ishtirokchilari bo‘lgan talabalarni talabalik safidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqayotgani aytilgan. 

Ayni vaqtda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid