O‘zbekiston | 17:34 / 01.03.2019
7749
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy investorga nasib qilayotgan yer egasining haq-huquqi bo‘yicha jiddiy taklif bildirildi​

Tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlari tomonidan davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun musodara etilishi lozim bo‘lgan hududlarni kiritish bo‘yicha qarori mahalliy (markaziy) matbuotda majburiy tarzda chop etish taklif etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha vakil —​ Ombudsman Ulug‘bek Muhammadiyev aynan shunday tashabbusni ilgari surmoqda. 

Ulug‘bek Muhammadiyev

1 mart kuni Senatda 2018 yilgi faoliyati yuzasidan hisobot bergan Ombudsman, shuningdek, xususiy mulkni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun undirishdagi huquqbuzarliklar uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslari javobgarligini kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Muhammadiyevning aytishicha, mahalliy davlat hokimiyat organlari mulk egalari bilan o‘z vaqtida va to‘liq hisob-kitobni amalga oshirishi yoki olib qo‘yilayotgan mulkning qiymatiga teng uy-joy berishi kerak.​

«Mehmonxonalar, savdo obektlari, madaniy-ko‘ngilochar majmualar qurish maqsadida, keyinchalik investorlarga berish uchun davlat tomonidan, xususiy mulkni musodara etishda uy-joy egalari bo‘lgan fuqarolar huquqlarini ta'minlashning ta'sirchan choralarini ishlab chiqish va joriy etish kerak», — deydi u.

​Avvalroq, mahalliy hokimiyat organlari xususiy mulkni davlat ehtiyojlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga rioya qilmagan holda undirishi ko‘paygani ma'lum qilingandi. 

Ombudsmanning ta'kidlashicha, 2018 yilda shunga o‘xshash shikoyatlar soni 1,9 baravar oshgani qayd etildi​.

Mavzuga oid