Jahon | 20:59 / 04.03.2019
16151
4 daqiqa o‘qiladi

«Oltinchi muddat». Lukashenkoning almashinuvsiz prezidentligi Belarus iqtisodiyotiga qanday ta'sir qildi? 

O‘tgan haftada Belarus zamonaviy tarixidagi yagona prezident – Aleksandr Lukashenko 2020 yilgi prezidentlik saylovida ham nomzodini ilgari surishini ma'lum qildi. Uning aytishicha, barchasi qonuniy bo‘ladi

64 yoshli siyosatchi mamlakat boshqaruvini boshqa qo‘lga topshirish istagida emas shekilli. U quyidagi fikrlari bilan saylov natijalarini ham qisman bashorat qilib qo‘ydi. 

«Iqtisodiyot – birinchi ustuvorlikda. Qo‘rqish kerak bo‘lsa, iqtisodiyotdan qo‘rqish lozim», – degan u. 

IPM tadqiqotlar markazi buyurtmasi bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada biznes vakillarining 65 foizi mamlakatdagi «o‘lik» korxonalar haddan ziyod ko‘pligidan norozi bo‘lishgan. Real sektordagi kuchsizlik, ziyon faqat davlat mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda. Shunga qaramay, Lukashenko Belarus YaIM ko‘rsatkichi jahondagi raqamlardan yuqoriligini ta'kidlab keladi.

2000-2015 yillar ichida Rossiya tomonidan taqdim etilgan energetika subsidiyalari 72 milliard dollardan oshdi. Mana shu hisoblarni olib borgan iqtisodchi Aleksandr Chubrik to‘planib qolgan summani mamlakat YaIM eng yaxshi ko‘rsatkichda bo‘lgan davr bilan taqqoslagan. Bir vaqtning o‘zida rasmiy Minsk Moskvadan boshqa maqsadlarda qarz olib turadi. 

«Agar Xalqaro valuta jamg‘armasi taqdim berayotgan mablag‘larni tahlil etsangiz, Belarus iqtisodiyotiga ko‘rsatilayotgan yashirin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘makni ilg‘aysiz», – deya sharh bergan bu holatga Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

Uning shu gaplaridan so‘ng, Moskva Minskka navbatdagi kreditlarni taqdim etishga qaror qildi

Umumiy hisobda Belarusning Rossiya oldidagi qarzi mamlakat valuta-oltin zaxirasidan ham ko‘payib ketgani, ya'ni 7,7 milliard dollarga yaqinlashgani aytiladi. Mamlakatga kiritilayotgani to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyaning 80 foizidan ortig‘i ham Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Lukashenko hech bir yashirin gaplarsiz fikr bildirgan

«Rossiyasiz bizning iqtisodiyotimiz mavjudligini tasavvur qilib bo‘lmaydi», – deydi u. 

Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, belarus depozitlarining 68 foizi xorijiy valutada saqlanadi. Rossiya banklarida esa bu ko‘rsatkich 20 foizni tashkil etadi. 2011-12 yillarda devalvatsiya o‘z so‘zini aytdi: rublning dollarga nisbatan qiymati tushdi. Belarusda milliy valutaning qiymati RF moliyaviy sog‘lomligi chambarchas bog‘liq. 

«Har kuni uyg‘onib, cherkovga qarab tilak qilaman: ey, Tangrim, Rossiya uchun yaxshilik olib kel», – degandi Belarus Markaziy banki raisi Pavel Kallaur FT'ga bergan intervyusida.

Belarusdan faqat Polshaninng o‘ziga migratsiya oqimi oxirgi to‘rt yilda 25 baravar o‘sdi. Rossiyaga ishchilar migratsiyasi ko‘rsatkichlari noma'lum, ammo mutaxassislar bir yilda 300 mingdan ortiq kishi Rossiyaga ishlash uchun borishini prognoz qiladi

Mamlakatning iqtisodiy parametrlari xalqaro maydonda tan olinmaydi, shu tufayli Belarus Global raqobatbardoshlik reytingidan o‘rin olmagan. Shuningdek, u Global ishbilarmonlik indeksida ham ko‘rsatilmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid