Sport | 19:29 / 05.03.2019
25256
2 daqiqa o‘qiladi

Ikrom Aliboyevning «Lokomotiv»dan «Seul»ga transferi qiymati ma'lum bo‘ldi

Foto: "Seul" FK

O‘zbekiston terma jamoasi yarimhimoyachisi Ikrom Aliboyevning «Lokomotiv»dan «Seul» klubiga transferi qiymati 500 ming dollarni tashkil etgan. Temiryo‘lchilar klubi bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu ma'lumotni tasdiqladi.

«Ikrom Aliboyev – klubimiz tarbiyalanuvchilaridan biri. U 4 yil davomida jamoamizda o‘ynab, nimalarga qodirligini, kuchliroq chempionatlarda o‘ynay olishini isbotladi. Ko‘p variantlar chiqdi, biz tanlash huquqini uning o‘ziga qo‘yib berdik. Transfer summasi 500 ming dollar bo‘ldi», – dedi Akramov.

Eslatib o‘tamiz, Aliboyev Janubiy Koreya klubi bilan 2018 yil dekabr oyi o‘rtalarida 2021 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan edi.

25 yoshli xavbek o‘tgan hafta Key-ligada debyut qildi. U «Seul»ning birinchi turdagi «Pohang Stilers»ga qarshi o‘yinida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Ushbu bahsda seulliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi, Ikrom ikkinchi golga hammuallif bo‘ldi.

Kun.uz tez orada To‘labek Akramov bilan videointervyuni taqdim etadi. Unda «Loko» rasmiysi klubga aloqador turli mavzular qatorida Samvel Babayanning tayinlovi borasida ham izoh bergan.

Mavzuga oid