Sport | 13:40 / 09.03.2019
24036
5 daqiqa o‘qiladi

«Yuventus»da yangi yulduz porlamoqda. U yangi Balotellimi yoki birinchi Kin?

Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasida «Atletiko»ga qarshi kechadigan javob uchrashuvi oldidan Massimiliano Allegri «Yuventus»ning hujum uchligiga dam berdi: Ronaldu, Dibala va Manjukich «Udineze»ga qarshi o‘yinni tribunadan tomosha qilishdi.

Turinliklarning hujum chizig‘i 19 yoshli Moyze Kinga ishonib topshirildi - u esa vazifani ortig‘i bilan uddaladi. Birinchi bo‘limdayoq ikkita gol urgan futbolchi ikkinchi bo‘limda penalti ishladi.

Birinchi golda unga Aleks Sandro yordam berdi.

Keyin u chiroyli harakat bilan darvozani ishg‘ol qildi.

Ikkinchi bo‘limda u penalti ishladi, ammo het-trik kutib turadigan bo‘ldi - zarbani Emre Jan ijro etdi.

80-daqiqada Kin o‘rniga «Yuve»ning boshqa tarbiyalanuvchisi maydonga tushdi - 18 yoshli Xans Nikolussi-Kavilya tushirildi. Turinliklar 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va «Napoli» bilan oradagi farqni 19taga yetkazdi (Karlo Anchelotti jamoasida zaxira o‘yini mavjud). Qatorasiga sakkizinchi sovrin yaqin.

Moyze Kin A Seriyada ilk marta dubl muallifi bo‘ldi. «Udineze»ga qarshi o‘yingacha u chempionat o‘yinlarida atigi 5 daqiqa o‘ynagandi. Ammo u Italiya Kubogida «Bolonya»ga qarshi yanvar oyi boshida kechgan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushgandi va gol urgandi (2:0).

«Kin to‘p uchun kurashlarda va hujumlarni yakunlashda juda yaxshi ishlamoqda, ammo u o‘z harakatlarini mukammallashtirish va aniq qarorlar qabul qilish borasida hali ishlashi kerak. U hali 19 yoshda», dedi «Udineze»ga qarshi o‘yindan keyin Maks Allegri.

«Yuve» safidagi debyut golini Kin 2017 yil mayidayoq urgandi. O‘shanda u chempionatning oxirgi turida «Bolonya» darvozasini ishg‘ol qilgandi. O‘shanda Moyze A Seriya tarixiga gol urgan futbolchilar orasida 2000-yildan keyin tug‘ilgan ilk futbolchi sifatida kirgandi. O‘sha yil yozida futbolchi «Verona»ga ijaraga berilgan va u bu jamoa safida 19 o‘yinda maydonga tushib, 4ta golga mualliflik qilgandi.

Kin «Yuve»ning A Seriyadagi o‘yinlarida yaxshi samaradorlik qayd etgan: unga bir gol uchun 35 daqiqa talab etilgan (6 o‘yin, 106 daqiqa, 3 gol).

Kin Pemontdagi Verchelli shaharchasida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi kelib chiqishiga ko‘ra Kot-d’Ivuardan. Onasi Izabel urushdan qochib Italiyaga chaqalog‘i bilan kelgandi, Moyzega fuqarolik beriladi.

2007 yilda Kin «Torino» akademiyasiga qabul qilingan, uch yil o‘tib uni «Yuventus» o‘ziga jalb qiladi. Futbolchining agenti Mino Rayola hisoblanadi. U yosh talantni «Yuve» akademiyasida payqab qolgan. Rayola tufayli Kin Ibrahimovich va Balotelli bilan tanishgan, bu futbolchilar unga o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib turishadi.

2018 yilning kuzida Kin ilk marta Italiya terma jamoasidan chaqiruv oldi - katta ehtimol bilan Roberto Manchinida uning Italiya yoshlar termasidagi o‘yinlari katta taassurot qoldirgan (U19 o‘rtasida Yevro-2018 turnirida 4ta gol, ikkitasi finalda). Kin AQShga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida (1:0) terma jamoa uchun debyut qilgan.

Kin Mario Balotelli bilan shunchaki tanish emas, balki Mario uning kumiri hamdir. Gollaridan birini Moyze SuperMario uslubida nishonlagandi. Bir safar mashg‘ulotga «Why always me?» («Nega hamisha men?») yozuvli futbolkada kelgan.

«Balotelli bilan munosabatlarimiz yaxshi. Menga uning texnikasi va tezkorligi yoqadi. Ammo Balotelli - Balotelli, men - Kinman», degandi yosh futbolchi.

U Balotellining xatolarini takrorlamoqchi emas.

Uning Turin klubi bilan amaldagi shartnomasi 2020 yilga qadar, klub unga yangi shartnoma taklif qilmoqchi. Qishki transferlar vaqtida bu futbolchiga «Milan» tomonidan jiddiy qiziqish bildirilgandi.

Mavzuga oid